Michiganlik shifokorlarning 15 foizi - musulmonlar

  • Amerika Ovozi

Detroytdagi "XUDO" klinikasi

2017-yilda o’tkazilgan va “Musulmonlar Amerika taraqqiyoti uchun” deb nomlangan izlanish natijasidan ma’lum bo’lishicha, Michigan shtatida shifokorlarning 15 foizini musulmonlar tashkil etadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Michiganlik shifokorlarning 15 foizi - musulmonlar

“Zaif va muhtojlarga yordam berishni istasangiz, tibbiyotga kiring”, - deydi Detroytdagi "XUDO" klinikasining Muhammad ismli shifokori.

“Meditsina inson hayotida o’zgarish yasash imkonini bergani uchun bu sohaga o’zimni bag’ishladim”, - deydi Raya Noshir ismli tibbiyot talabasi.

“Muhojirman, AQShga 10 yil oldin kelganman. O’shanda ota-onamda ham, menda ham tibbiy sug’urta yo’q edi. Bepul klinikalarga borardik. Shundan keyin shifokor bo’lishga ahd qildim”, - deydi Xasan Habib ismli yana bir talaba.

Michigandagi ko’plab musulmon shifokorlar 1960-1970-yillarda AQShga kelgan ota-onalari tavsiyasiga ko’ra bu sohani tanlagan; shtatda so’nggi yillarda shifokorlarga talab ham oshgan.

“Bu yerda o’z kasbining ko’plab ustalari bor. Mashaqqatli mehnat va xizmat bu jamiyatda o’z mevasini beradi. Ko’plab shifokorlar ana shunday imkoniyatlar ilinjida kelgan bu yerga”, - deydi klinikada ishlovchi shifokor Toyib Jukaku.

1960-1970-yillarda AQShga kelgan yaqin sharqlik qochqinlar orasida shifokorlar ham bo’lgan.

“1960-yillarda immigratsiya qonunlarimiz ancha liberallashib, ilmiy darajasi bor, yuqori malakali, Amerikada taqchil bo’lgan sohalar mutaxassislarini olib kelishga urg’u berildi”, - deydi Michigan universitetining Arab-Amerika markazi direktori doktor Selli Xauel.

Detroytning muhojir mahallalarida shifokor bo’lish obro’li hisoblanardi.

“Yurtimizda shifokorlarning mavqei o’ta baland edi”, - deydi Jukaku.

“Shifokorlar va muhandislar dunyo bo’ylab qadrlanadi”, - deydi Xaeul.

Oila an’analari ham yosh musulmonlarni shu sohalarga kirishga undaydi.

“Dadam fizioterapevt, shunga men ham sohaga qiziqdim”, - deydi Aliza Majid ismli talaba.

“Shu muhitda katta bo’lganman, shu sabab men ham shu yo’ldan bordim”, - deydi Raya Noshir.

“Allohga xizmat qilishning bir yo’li bu boshqalarga xizmat qilishdir”, - deydi yana bir tibbiyot talabasi Firdavs Nipu.

2017-yilgi izlanish natijasidan ma’lum bo’lishicha, Michigandagi stomatologlarning 7 foizidan ko’pi, ortopedlarning 7 foizi, osteopatlarning 6 foizi musulmonlardir.