Din

Los-Anjelesda musulmonlar iftorni yahudiylar bilan birga o’tkazdi

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat. Musulmonlar, nasroniylar, yahudiylar, buddistlar va boshqa din vakillari Merilend shtatida iftorda

Pandemiya kunlarida Ramazonda ayrim tashkilotlar virtual iftor uyushtirmoqda. Ba’zilari esa hatto unga boshqa din vakillarini taklif etib, diniy hamjihatlikni targ’ib qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Los-Anjelesda musulmonlar iftorni yahudiylar bilan birga o’tkazdi

Los-Anjelesdagi “O’zgarishlar uchun musulmon-yahudiy hamkorligi“ tashkiloti ana shulardan biri.

“Los-Anjelesning uchta sinagogasidan turib azon o‘qidik. Juda ham chiroyli bo’ldi. Ammo muhimi, birligimizni ifoda etdi, hammamiz bir jamoa ekanimizni ko’rsatdi“, - deydi tashkilot vakili Adam Faxriy.

Guruh har Ramazonda iftorga yahudiylarni taklif etadi, biroq bu gal pandemiya sabab tadbir onlayn o’tkazildi. Los-Anjeles meri Erik Garsetti ham unda qatnashdi.

Ishtirokchilar imom va rafiqasining oshxonasiga virtual tashrif buyurib, ularning iftor uchun taom tayyorlashlarini kuzatdi.

So’ng yahudiy ravvin va uning turmush o’rtog’i o’z uyida taom pishirganiga guvoh bo’lishdi. Ishtirokchilarning aytishicha, Ramazon faqat taom va ro’zadan iborat emas.

“Fidoiylik, sabr, hamdardlikni ham anglatadi”, - deydi Adam Faxriy.

Tashkilotning yahudiy vakili Deyvid Veyner Ramazon boshqa odamlar, jumladan o’zga dinlar vakillari bilan munosabatlarni yaxshilashga ham chorlaydi, deydi.

“Odamlar bilan aloqa o’rnatamiz, o’z hayotimiz haqida so’zlab, o’zligimiz haqida ma’lumot beramiz”, - deydi u.

Deyvid Veynerning aytishicha, turli elat va din vakillar o’rtasidagi farqlarni tan olish insonlarni ajratib qo’yuvchi masalalar yuzaga keltirgan jarlikni kichraytirishga yordam beradi. Falastin va Isroil aloqalarining murakkabligi musulmonlar va yahudiylarni bo’lib qo’ygan, deydi u.

Iftor kabi tadbirlar – xoh virtual bo’lsin, xoh yuzma-yuz – odamlarni quloq solishga o’rgatadi, deydi ishtirokchilar.

“Ko’p hollarda qarama-qarshi fikrlarga qo’shilmasdan ularni qabul qilsa bo’ladi. Bir-birimizni tushunish jarayonining bir qismi bu. Ya’ni boshqa odam bilan hamdard bo’lish, qarashlariga sherik bo’lish”, - deydi Adam Faxriy.