Saudiya Arabistoni boshchiligida musulmon davlatlar harbiy ittifoqi tuzildi

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni 34 musulmon mamlakatini o'z ichiga oluvchi yangi islomiy harbiy alyans tuzilganini e'lon qildi.

"Bugun terrorizmdan jabr ko'rayotgan davlatlar ko'p. Masalan, Suriya va Iroqda IShID, Sinay, Yaman, Liviya, Mali, Nigeriya, Pokiston va Afg'onistonda terrorchilar bor. Ularga qarshi kurash kuchli harakatni talab qiladi", - dedi Saudiya Arabistoni Mudofaa vaziri, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon.

Salmonning aytishicha, alyans amaliyotlarini boshqarish markazi Riyodda joylashadi.

Yangi ittifoqqa Suriyadagi koalitsiya ishida qatnashayotgan Iordaniya, Bahrayn, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari qo'shilgan. Shuningdek, Yaqin Sharqning boshqa davlatlari - Tunis, Livan, Liviya va Misr ham uning a'zosi.

Pokiston, Bangladesh, Malayziya kabi Osiyodagi musulmon davlatlari hamda Afrikadan Sudan, Somali, Mali va Nigeriya kabi o'lkalar ham alyans ishida qatnashmoqda.

Indoneziya kabi ayrim mamlakatlar ittifoqqa qo'shilmagan, ammo uni "kuchli qo'llab-quvvatlashini" bildirgan.