Koronavirusga qarshi vaksina musulmonlar uchun halolmi?

  • Amerika Ovozi

"Moderna" kompaniyasi COVID-19 ga qarshi vaksina yaratgan yana bir kompaniya

Oktabr oyida indoneziyalik diplomatlar va diniy yetakchilar Xitoyga borib, vatandoshlari uchun koronavirusga qarshi millionlab vaksinani Xitoydan olish xususida muzokara qildi. Ulamoning vazifasi vaksinaning shariatga to’g’ri kelishini asoslab berish.

Bir necha farmatsevtika kompaniyasi vaksinani yaratish ustida ishlar ekan, cho’chqa mahsulotlarining unda ishlatilishi xavotir uyg’otmoqda. Masalan, ayrim dorilarda ishlatiladigan jelatin hayvonlar va, xususan, cho’chqa to’qimasidan olinadi. Vaksinani saqlash va tashish paytida jelatin uning xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashda yordam beruvchi stabilizator vazifasini bajaradi.

Ayrim kompaniyalar cho’chqadan xoli vaksinalarni yaratishga yillab vaqt sarflagan. Masalan, Shveysariyaning “Novartis” kompaniyasi meningitga qarshi ana shunday vaksina ishlab chiqarishga muvaffaq bo’ldi. Saudiya Arabistoni va Malayziyada ishlayotgan “AJ Farma” shirkati ham shu yo’nalishda izlanishlar olib bormoqda.

Britaniyaning Islomiy tibbiyot uyushmasi bosh kotibi Salmon Vaqarning aytishicha, tarkibida cho’chqa jelatini bo’lmagan vaksinalar umrining qisqaligi, vaksinalarga talabning yuqoriligi va ishlab chiqarish qiymatini hisobga olganda muhim vaksinalarni yaratishda cho’chqa jelatiniga ehtiyoj hali beri yo’qolmaydi.

“Pfayzer”, “Moderna” va “AstraZeneka” kompaniyalari vakillarining aytishicha, ularning COVID-19 ga qarshi vaksinasida cho’chqa mahsulotlari yo’q. Yirik davlatlar bu kompaniyalar bilan millionlab vaksinaga buyurtma bergan, demak, Indoneziya kabi aholisining katta qismi musulmonlardan iborat bo’lgan mamlakatlar hozircha jelatindan xoli deb tasdiqlanmagan vaksinalarni olishga majbur bo’ladi.

Bu esa ortodoksal yahudiy va musulmon jamoalar uchun muammo tug’dirmoqda. Ayrim diniy tashkilotlar jelatinni harom deb topgan.

"Cho’chqa jelatiniga obdon kimyoviy ishlov bergandan keyin uni qabul qilish mumkinmi yoki u shunda ham harom hisoblanadimi? Mana shu savolga kelganda ulamoning fikri bo’lingan”, - deydi Vaqar.

“Ushbu mavzudagi islomiy munozaralardan shunisi ma’lumki, ba’zilar shariatda cho’chqa jelatiniga ruxsat bor degan fikrda, chunki emlanmaslik inson hayotiga kattaroq ziyon yetkazishi mumkin”, - deydi Sidney universiteti dotsenti Harunor Rashid.

Ortodoksal yahudiylar yetakchilari orasida ham o’xshash hamfikrlik mavjud.

“Yahudiylar qonuniga ko’ra, cho’chqa tabiiy ravishda iste’mol qilinsagina yoki ishlatilsagina uning iste’moli taqiqlangan”, - deydi Isroildagi “Tzohar” diniy tashkiloti raisi ravvin Deyvid Stav.

Unga ko’ra, agar cho’chqa og’iz orqali yeyilmasa va badanga inyeksiya orqali kirsa, muammo yo’q. Ayniqsa gap inson salomatligi haqida ketayotgan bo’lsa, deydi Stav.

225 million aholisi bor Indoneziya Ulamo kengashi 2018-yilda qabul qilgan qarorida tarkibida jelatin bor qizamiq va qizilcha kasalliklariga qarshi vaksinalarni harom deb topgan edi. Diniy va mahalla yetakchilari ota-onalarni farzandlarini emlatmaslikka da’vat eta boshlagan.

“Natijada Indoneziyada qizamiq holatlari ko’payib ketdi va mamlakat bu borada dunyoda uchinchi o’ringa chiqib oldi”, - deydi sog’liqni saqlashga doir marketing bilan shug’ullanuvchi “Tadqiqot hamkorligi” tashkiloti direktori Reychel Xovard.

Shundan keyin Ulamo kengashi qarorini o’zgartirib, vaksinani qabul qilish mumkin deb fatvo chiqardi, biroq norasmiy taqiqlar sabab emlanish sur’ati hali ham past.

"Indoneziyadagi ayrim musulmonlar jelatinli vaksinalarni qabul qilishga kelganda o’zlarini noqulay his qilmoqda, garchi kengash bunga ruxsat bergan bo’lsa-da”, - deydi Xovard.

Malayziya hukumati aholi salomatligiga jiddiyroq yondashmoqda. Mahalliy qonunlarga ko’ra, farzandlarini emlatmagan ota-ona jarimaga tortilishi va hatto qamalishi mumkin. Pokistonda farzandlarini diniy va siyosiy sabablarga ko’ra poliomiyelitdan emlatishdan bosh tortgan ota-onalar panjara ortiga tashlangan.

Avstraliyalik olim Harunor Rashidning aytishicha, dunyo bo’ylab vaksinalar haqida yolg’on ma’lumotlar tarqalayotgan va buning natijasida vaksinalarga shubha kuchayayotgan bir paytda hukumatlar va tibbiy xizmatchilar jamoatchilik bilan aloqani kuchaytirishi kerak.

Indoneziya hukumati COVID-19 ga qarshi vaksinani buyurtirish va tasdiqlash jarayoniga Ulamo kengashini qo’shishini bildirdi.

"Xalq bilan vaksinaning halollik maqomi, narxi, sifati va taqsimoti xususida aloqani yaxshi yo’lga qo’yish kerak”, - dedi oktabr oyida mamlakat Prezidenti Joko Vidodo.

Xitoyning koronavirusga qarshi vaksina ustida ishlayotgan uch kompaniyasidan (“Sinovac Biotech” – Sinovak Biotek, “Sinopharm” – Sinofarm, “CanSino Biologics” – Kansino Bayolojiks) birortasi “Assoshieytid Press” axborot agentligining vaksina tarkibi bo’yicha ma’lumot ulashish haqidagi iltimosiga javob bermadi.

Xitoyda COVID-19 ga qarshi ishlanayotgan vaksinaning birortasiga hozircha bozorga chiqarishga ruxsat berilgani yo’q, biroq virusga chalinish xavfi yuqori bo’lgan bir milliondan ortiq tibbiy xizmatchilar va boshqa odamlarning emlanishi uchun favqulodda ruxsat berildi. Vaksinalarning samarasi va yon ta’siri hozircha ma’lum emas.

Indoneziya va Pokiston kabi musulmon mamlakatlar Xitoy vaksinalarini o'zida sinamoqda. Bangladesh ham shunga kelishgan edi, biroq sinovni moliyalash masalasi bo’yicha kelishmovchiliklar sabab klinik sinovlar kechiktirildi.

Salmon Vaqarning aytishicha, Indoneziya hukumati vaksinani tasdiqlashi bilan aholi orasida tushuntirish ishlarini faolroq olib borishi kerak.

"Vaksinalarni ishlab chiqarayotgan kompaniyalar ham jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirishi zarur. Kompaniyalar mahsulot haqida qanchalik shaffof, ochiq va rostgo’y bo’lsa, odamlarda vaksinalarga ishonch shunchalik kuchayadi”, - deydi u.