Maryam Durrani 13 yoshida birinchi kitobini chop etgan Amerikaning eng yosh, iste’dodli yozuvchilaridan biri. Uning yana bir o’ziga xosligi shundaki, o’zi hijobda bo’lgan o’smir yozuvchi musulmonlar va ayniqsa, musulmon qizlar haqidagi noto’g’ri qarashlarni tan olmaydi.
Maryam Durrani boshqa o’zsmirlar qatori zindon, ajdaho, qirolliklar haqidagi qissalarni tasavvurida yarata oladigan oddiy amerikalik qiz.
U birinchi qo’lyozmasini 13 yoshida tugatdi. Keyinchalik “wattpad.com” sahifasida qissalarini e’lon qilib, o’quvchilar fikr-mulohazalari bilan tanisha boshladi.
“Qissalarimdan birini yarim milliondan ortiq o’qivchi o’qiyotganini bildim. Ularning asarlarimga izohlarini kuzatib boraman. Bir kuni o’quvchilardan biri hikoyamga o’zgartirish kiritib, nashrdan chiqarish va kimgadir sovg’a qilish istagida ekanini yozdi. Bu esa, asarlarimni o’zim nashr qilib sotsammikin degan g’oyaga turtki bo’ldi” – deydi yosh yozuvchi.
Durrani hozir 18 yoshda. Ota-onasining iftixori. Otasi Irfon Durrani asarlarni nashrdan chiqarib berishda jonboz. Onasi Zaynab Durrani esa qizining istedodini ma’naviy qo’llab-quvvatlab keladi.
“Maryamning kitobga mehrini uch yoshidayoq sezganman. Injiqlik qilgan paytlarida kitob o’qib bersam ko’ngli ko’tarilib, tez ovunardi. Uning ko’zlarida hikoyani keng tasavvur qilayotganini ko’rardim”, - deydi yosh yozuvchining onasi.
Erkaklar xaloskor sifatida tasvirlanadigan an’anaviy qahramonlardan zerikkan o’smir, o’z asarlarida hal qiluvchi najotkor rolini yosh qizlar bilan almashtirdi.
“O’zim havas qilgan qahramonni asosiy rolda ko’rishni xohlardim. Maqsadiga erishish uchun hamma ishga qodir bo’lsin, kurasha olsin, kuchli ham bo’lsin. O’zimga va menga o’xshagan qizlarga namuna bo’ladigan qahramon yaratishni istaganman”, - deydi Maryam Durrani.
Maryam Durrani oilasining faxriga aylangan. Asosiysi o’zligini topishda tengdoshlariga, ayniqsa, o’ziga o’xshagan hijobli qizlar uchun namuna.