BMT Myanmada etnik tozalashlar haqida ogohlantirmoqda

  • Amerika Ovozi

Bangladeshga borgan roxinjalik qochqinlar

Myanmada roxinjalik musulmonlar hukumat zulmi ostida ekan, mamlakat siyosiy rahbari Au San Su Chi BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasiga borish rejasidan qaytdi. So’nggi bir necha haftada 370 ming odam qo’shni Bangladeshga qochgan.

Hukumat so’zlovchisiga ko’ra, Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Myanmadagi vaziyat bilan shug’ullanadi.

BMT Xavfsizlik Kengashi bu yurt g’arbidagi zo’ravonliklar xususida Britaniya va Shvetsiya iltimosiga ko’ra favqulodda majlis qiladi.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Zeyd Raad Husaynning aytishicha, ko’plab xabarlar va sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlar Myanma xavfsizlik kuchlari va mahalliy qurollangan to’dalar Rakxayn shtatida musulmonlarga tegishli uylarga o’t qo’yayotganini, roxinjaliklarni o’ldirayotganini isbotlamoqda.

“O’tgan yili roxinjaliklarning huquqlari keng miqyosda buzilayotgani haqida, bu jamoaga qarshi hujumlar haqida va hatto insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilayotgani haqida ogohlantirgan edim. Myanma hukumati tergovchilarimizni mamlakatga kiritmayapti, vaziyatni to'liq baholashga imkoniyat yo'q, ammo etnik tozalashlar ro'y berayotgani shubhasiz", - dedi BMT rasmiysi Jenevadagi majlisda.

Bugun Indoneziya hukumati Bangladesh va chegaradagi lagerlarda jon saqlayotgan qochqinlar uchun bir necha tonna guruch, boshqa turdagi oziq-ovqat, palatkalar yubora boshlagan. Mamlakat rahbari bunga Bangladesh va Myanma hukumatlarining roziligi olinganini ma’lum qildi.