Myanmalik rohinja musulmonlari fojeasi yana dunyo diqqat markazida. So'nggi kunlarda o'n minglab musulmonlar o'z uylarini tashlab qochgan. Hukumat kuchlari bilan to'qnashuvlarda kamida 400 rohinja o'ldirilgan.
Voqeani genotsid deb atayotganlar bor. Birma hukumati rohinja musulmonlarini fuqaro sifatida tan olmaydi, garchi ular bu o'lkada bir necha avloddan beri yashab kelayotgan bo'lsa ham.
Indoneziyada bir necha kundan beri Myanmadagi rohinja musulmonlarini himoya qilib namoyishlar o'tkazilmoqda. Ayollar poytaxt Jakartadagi Birma elchixonasi oldida yig'ildi.
"Myanma o'z odamlariga qarshi harbiy chora ko'ryapti. Hamma musulmonlar birodarlarimiz ekan, biz vaziyatni o'rganib, ularga qo'limizdan kelgan barcha yordamni berishimiz kerak. Bu aniq ko'rinishda bo'lishi kerak. Kuchlarimizni jamlab, u yerdagi kuchlarni to'xtatish uchun harbiy javob qaytarishimiz ham mumkin", - deydi namoyishchilardan biri.
Myanmada 130 dan ortiq etnik guruh yashaydi, ammo aholining aksariyati buddist. Hukumat bir million rohinjalik musulmonni kelgindi muhojirlar deya fuqaro sifatida tan olishdan bosh tortib keladi. 3-sentabr kuni hukumat kuchlari politsiya idoralariga hujum qilgan isyonchilarni qidirib, roxinjaliklarlar yashab turgan mahallalarga bostirib kirdi. Hujumda yuzlab rohinjaliklar halok bo'ldi, 40 mingga yaqini Bangladeshgacha qochib bordi.
"Bizga yo'lda hujum qilishmadi. Uylarimizda o'tirgan edik. Askarlar kirib, hammani yoppasiga ota boshladi", - deydi yarador qochoqlardan biri.
BMT tomonlarni bosiqlikka undagan bo'lsa, Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo rohyinjaliklar ahvolini muhokama qilish uchun Birmaga tashqi ishlar vazirini jo'natdi. Indoneziya dunyoning eng ko'p musulmon yashaydigan mamlakati.
"Myanmaning Rakxayn shtatida yuz bergan zo'ravonliklarni qoralaymiz. Lekin faqat bayonot yoki qoralash emas, haqiqiy choralar zarur. Indoneziya hukumati fuqarolik jamiyati va xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda bu gumanitar inqirozni yechish ishlarini davom ettiradi", - dedi Indoneziya rahbari.
Myanmaning afsonaviy ozodlik kurashchisi, Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Au San Su Chi zo'ravonliklarga qarshi chora ko'rmagani uchun xalqaro bosim va tanqidlar ostida qoldi. Muammoni hal qilish o'rniga, u insonparvarlik yordami guruhlarini isyonchilarga ko'mak berganlikda aybladi.
"Au San Su Chi insonparvarlik ishlariga jiddiy hurmatsizlik qildi. Ilgari harbiylar aytardi, terrorchi harakatlar ortida nodavlat yoki yordam tashkilotlari turibdi deb. Shunday qarashni sharmandalarcha yoqlash bu", - dedi "Human Rights Watch" tashkiloti vakili Fil Robertson.
Myanma, Hindiston va Avstraliyadagi huquq faollari rohinjaliklarni himoya qilib namoyishlar o'tkazdi. Checheniston poytaxti Grozniyda ham norozilik mitinglari bo'lib o'tdi.