Bangladeshda myanmalik qochqinlar soni 500 mingdan oshdi

  • Amerika Ovozi

BMT delegatsiyasining Myanma davlatiga safari "yomon ob-havo" sabab qoldirilgan. Tashkilotning yuqori lavozimdagi rasmiylari Rakxayn shtatini borib ko’rishni rejalagan edi.

Qochqinlar inqirozi boshlanganidan beri BMT mulozimlarining ilk tashrifi kelasi haftaga qoldirilgani aytilmoqda. Rakxaynga kirish-chiqish Myanma hukumatining qattiq nazoratida.

So'nggi ma'lumotlarga qaraganda, avgust oyidan beri 500 mingdan dan ziyod musulmon armiya zulmidan qochib, Bangladeshga o’tgan. Ayrimlar hali ham Myanmani tark etishga urinmoqda, deydi Filippo Grandi, BMTning qochoqlar bo’yicha oliy komissari.

“Qochqinlar oqimi biroz pasaygan, lekin bizga kelayotgan ma’lumotlarga ko’ra, boshpanasiz qolganlar ko’p. Ular ham Bangladeshga ketmoqchi”, - deydi rasmiy.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bangladeshga gumanitar yordamni oshirmoqda. Kuni-kecha bu davlatga qayiqda o'tishga harakat qilgan 40 qochqindan 14 tasi cho'kib o'lgan, to'qqiz nafari bolalar.

Myanmada zo'ravonliklarning yangi to'lqini 25-avgustda, rohinjalik jangarilarning politsiya idoralari va harbiy istehkomlarga hujumidan so'ng boshlanib ketdi. Jangari guruh Myanmada fuqaro sifatida tan olinmaydigan musulmon aholini himoya qilayotganini aytadi.

Armiya bilan to'qnashuvlarda 400 ga yaqin odam halok bo'lgan. Sun'iy yo'ldosh orqali olingan tasvirlarda rohinja qishloqlariga o't qo'yilganini ko'rish mumkin.