Ozarbayjon-Armaniston ixtilofining 23-kuni

  • Amerika Ovozi

17-oktabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o’rtasida kelishilgan yangi sulh samara bermadi. Tomonlar qurolli to’qnashuvlarni davom ettirmoqda. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bugun tarqatgan videoda arman qurolli kuchlarining artilleriya zarbasiga uchrayotgani ko’rsatiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 20-oktabr, 2020-yil

Mojaro 27-sentabrda boshlanganidan beri yuzlab odam halok bo’lgan. Tomonlar harbiy dronlar, samolyotlar, jangovar vertolyotlar, tank va artilleriyani ishga solmoqda.

Ayniqsa Tog’li Qorabog’ning janubiy qismida janglar shiddatli kechayotgani aytiladi.

Ozarbayjon qo’shni davlatni mojaro zonasidan tashqarida joylashgan Terter va Agdam rayonlarini nishonga olayotganlikda ayblamoqda.

Bugun Moskvada Yevropa Kengashi rahbari bilan uchrashgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tomonlarni sulh shartlariga amal qilishga chaqirdi. Rossiya vositachiligida 9-oktabr kuni erishilgan ilk otashkesin ko’pga yetmadi.

19-oktabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Bokuda Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Shentop boschiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Aliyev Jabroyil rayonidagi 13 ta qishloq qo’lga kiritilganini ma’lum qildi.

“Armanlar mojaro jug’rofiyasini kengaytirishga intilmoqda. Chunki bizga bas kela omasliklarini ko’rishyapti”, - dedi u.

Ozarbayjon rasmiylari Agdam rayonida 4 kishi, jumladan bir muxbir yaralanganini bildirdi.

Armaniston o’z navbatida Ozarbayjonni tunda Tog’li Qorabog’ning Martuni shahri va bir necha qishlog’ini o’qqa tutganlikda ayblamoqda.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi prezidenti Piter Maurerning aytishicha, tashkilot mojaro zonasida gumanitar missiyasini olib borishi uchun sulh barqaror bo’lishi lozim.

“Front chiziqlaridagi xodimlarimiz xavfsizligini ta’minlash kerak. Harbiy harakatlar sabab ular o’z ishini bajara olmayapti”, - dedi u.

Sulhdan asosiy maqsad asirlar va halok bo’lganlarni ayirboshlash edi.