Rossiya Tog'li Qorabog' mojarosida vositachilik bilan cheklanmoqda

  • Amerika Ovozi

Armaniston va Ozarbayjon Moskvada erishilgan sulhga qaramay harbiy to’qnashuvlarni davom ettirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 13-oktabr, 2020-yil

“Odamlar xavfsiz joylarda jon saqlashga harakat qilmoqda”, - deydi Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasidan Eteri Musayelyan.

Muzokaralarda vositachilik qilgan Rossiya tomonlarni kelishuvga amal qilishga chaqirmoqda. Sulh o’lganlar va asirlarni ayirboshlash uchun imkoniyat edi, biroq kelishuv ko’pga yetmadi.

Ayrim kuzatuvchilar Rossiyaning mintaqadagi ta’siri cheklanganiga ishora qilmoqda.

“Rossiya Kavkazda nima qila olishi mumkin? Oldingiday vositachilik rolini bajarishi mumkin, ammo hozircha bundan biror natija bo’lmadi”, - deydi moskvalik tahlilchi Aleksey Malashenko.

Ozarbayjonni qo’llab-quvvatlayotgan Turkiya sulhga qarshi emas, ammo Anqara nazarida, Armaniston bosib olingan hududlarni tark etishi shart.

Birinchi urushda Armanistonni qo’llab-quvvatlagan Rossiya bu gal tarafkashlik qilgani yo’q, o’zini passiv tutmoqda. Tahlilchilar Kremlning geosiyosiy va tijoriy maqsadlari to’qnashganiga ishora qiladi.

“Rossiya Turkiya bilan olisha olmaydi, chunki gaz va neft quvurlari bozoridagi eng katta tijoriy hamkori Ozarbayjon bilan aloqalarining buzilishini istamaydi”, - deydi yana bir rossiyalik ekspert Arkadiy Dubnov.

Ba’zi kuzatuvchilar kattaroq urush ehtimoli haqida ogohlantirmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin harbiy harakatlar Tog’li Qorabog’ chegarasidan chiqib Armaniston hududiga tarqalsa, bu mamlakat bilan mavjud o’zaro mudofaa bitimini ishga solishga majbur bo’lishini aytmoqda.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi bugun Armaniston va Ozarbayjonni mojaroda halok bo’lganlar jasadlarini hamda asirga tushganlarni ayirboshlashga chaqirdi.

“Tomonlar bilan shu haqda gaplashyapmiz, biroq bu jarayondagi ishtirokimizni asoslovchi birorta ma’noli hujjat yo’q”, - dedi tashkilotning Yevrosiyo bo’yicha direktori Martin Shupp.

U qo’mita xodimlari xavfsizligini ta’minlashga ham chaqirdi.