Tog'li Qorabog'dagi urush Turkiyaning Kavkazda kuchayishiga olib kelishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat. Ozarbayjon va Turkiya rahbarlari

Ozarbayjonning Tog’li Qorabog’dagi harbiy g’alabasi Turkiyaga Kavkazda ta’sirini yoyishga imkon berdi. Turkiya harbiy dronlari bu g’alabaga katta hissa qo’shdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-noyabr, 2020-yil

Mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdog’an parlamentdan Ozarbayjonga qo’shin yuborishga ruxsat oldi. Turk qo’shinlari Tog’li Qorabog’ga safarbar etilgan rossiyalik tinchlikparvar kuchlarga qo’shilishni istaydi.

“Biroq Rossiya bunga e’tiroz bildiryapti. Tehron ham. Siyosatdagi tafovutlarga qaramay, Rossiya Turkiya bilan turli sohalarda hamkorlik qilmoqda. Suriya va boshqa joylarda bo’lgani kabi ular bu masalada ham kelishib ketadi”, - deydi Bonn universitetidan ozarbayjonlik siyosatshunos Zaur Gasimov.

Suriyada bu ikki mamlakat qarama-qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlashiga qaramay, hamkorlikda ish yuritishga kelishib oldi. Anqaraning Moskva bilan hamkorligi Turkiyaning NATOdagi sheriklarini tashvishga solmoqda. Tog’li Qorabog’dagi harbiy hamkorlik munosabatlarni yanada kuchaytirishi mumkin.

Biroq Rossiyadagi ayrim tahlilchilar Turkiyaning Kavkazga kirib borayotganidan xavotir bildirmoqda. Mintaqa ko’pdan beri Rossiya ta’sir doirasidadir. Moskvaning sulhga vositachilik qilgani uning ta’siri hali ham kuchli ekanini namoyish etmoqda, deydi kuzatuvchilar.

“Rossiya olti haftalik urushni jimgina kuzatib, bir necha soat ichida unga yakun yasadi va pozitsiyada ustunlikni qo’lga kiritdi. Bu bilan Moskva G’arbga Kavkazda joy yo’q ekanini ko’rsatdi. Turkiya ham bu vaziyatda g’olib”, - deydi Istanbuldagi Qodir Xas universitetidan Soli O’zel.

Moskva va Anqaraning Kavkazdagi hamkorligi raqobatni hozircha yumshatishi mumkin.

Bu o’rtada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hafta boshida Tog’li Qorabog’ga borib, vaziyat bilan tanishdi. Uning aytishicha, mintaqani Ozarbayjondan ayirish natijasida 30 yil davomida ko’rilgan zarar hisob-kitob qilinmoqda, tegishli hujjatlar xalqaro sudlarga oshiriladi.

“Hali qilmishlari uchun xalqaro sudlarda javob berishadi. Xalqaro tashkilotlar va ekspertlar zarar ko’lamini baholamoqda. Kelbajarning vayron qilinishi, o’rmonlarning kesilishi, imorat va maktablarning yoqilishi uchun hali javob berishadi”, - dedi Aliyev.

Tog’li Qorabog’ning Ozarbayjonga qaytarilayotgan hududlarini tark etayotgan arman aholi uylarini yoqib ketmoqda.

Urushdagi mag’lubiyatdan g’azablangan armanistonliklar Bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilmoqda. Armaniston Prezidenti Serj Sarkisyan hukumat iste’foga chiqib, muddatidan erta saylovlar o’tkazish kerak, deydi.