Antropologiya sohasidagi tinimsiz munozara va izlanishlardan biri g'arbiy yarimsharga odam qayerdan va qachon kelgani haqida bo'lib, tub aholining tarixi uzluksiz muhokamada.
Yaqingacha umumiy xulosa shu ediki, insoniyat dunyoning bu tarafiga 13 ming yil oldin Sibirdan kelgan, Alyaska orqali. Tub aholi bunday fikrda emas va o'z o'tmishini Sibir bilan bog'lashni noto'g'ri deb hisoblaydi. Mutaxassislar ham bugunga kelib yuqorida qayd etilgan xulosadan qaytgan.
Ularni bejiz hindu qabilalar deb atashmaydi chunki qit'aga qadam qo'ygan ilk yevropaliklar tub aholini hindu deb atagan va bu haqdagi yozuvlar hatto muqaddas kitoblar, xususan Bibliyada ham bor. Yevropaliklar ularni hindu deya ta'riflab adashgani tan olingan. Bibliyaga ko'ra esa insoniyat tarixi to'rt ming yilga teng xolos va ular Odam Ato farzandlaridir.
“Insoniyat hamisha bir-birini kamsitib, o'zini boshqalardan ustun deb kelgan" ,- deydi Aleksandr Even, Amerika tub aholi tarixi haqida uzoq yillar izlanib, kitoblar yozgan olim.
Yevropaliklar, deydi u, bu qit'adagi aholini boshida hatto odam deb hisoblamagan. Ular yer yuzining bu burchaklariga biror joydan kelgan bo'lsa, biz singari kemalarda suzmagan, deb o'ylashgan.
Bering bo'g'ozi orqali o'tgan bo'lsa ajabmas degan xulosa aslida shunday fikrga asoslanadi, deydi Even. Hindu qabilalar aqlan noqobil, yevropaliklardek salohiyat va qobiliyatga ega emas, deb o'ylashgan.
Even o'z tadqiqotlariga tayangan holda deydiki, tub aholi aslida Amerika shimoliga boshqa yo'llar bilan kelib qolgan.
“Bu yarimsharda odamlar xilma-xil. Hammasi bir joydan kelgan yoki bir yurug'dan deyish xato", - deydi olim.
1930-yillarda olib borilgan chuqur izlanishlar shuni ko'rsatganki, Amerikada yashagan ilk aholi Klovis deya nomlangan bo'lib, ular AQShning hozirgi janubiy shtatlaridan tortib, Venesuelagacha bo'lgan hududda kun kechirgan. Kamida 13 ming yil oldin, deydi olimlar.
1970-yillardagi tadqiqotlar esa ularning tarixini kamida 16 ming yil oldingi davrga bog'laydi.
1998-yilda Kaliforniya universiteti olimasi Joanna Nikols 19 ming yil deb chiqqan. Chunki uning ilmiy ishi insoniyat rivojlanishini yanada sekinroq jarayon bo'lganini ko'rsatgan.
Geologlar taxminicha, Bering bo'g'ozi 13 ming oldin tamoman boshqacha ko'rinishda bo'lgan. Shu bois ham insonlar Amerikaga Tinch okeani orqali boshqa tomonlardan kelgan degan taxmin kuchli.
2015-yilda Garvard universitetidan genetika bo'yicha yetakchi olim Pontus Skoglund Janubiy Amerika tub aholisi va Avstraliya va uning atrofidagi orollar aholisi qondoshlardir deya xulosa qilgan.
Vashingtondagi Smitson instituti antropologi Dennis Stenford tosh asridagi yevropaliklar Atlantika okeani orqali Amerikaga kelganini isbotlovchi dallilar to'plagan. Bu ham turli bahslar uyg'otgan.
Montana shtatida "Blackfoot" (Qora qadam) degan qabila yashaydi. Ularning ishonishicha, ajdodlari aslida okeanning narigi tomonidan kelgan. Qaysi okean, deb so'rasangiz, aniq javob olmaysiz. Qayerda bo'lsa ham bu odamlarni yaratgan kuch ularni yaxshiroq joylarga yetkazishga qaror qilib, muzlar osha shu tomonlarga keltirgan. Afsona, deya tan oladi qabila vakillari.
Arizona shtatidagi Hopi degan qabila esa uch dunyo, ya'ni qit'a osha to'rtinchi dunyoga kelganini aytadi.
Oklaxoma shtatidagi Taskagi qabilasi o'zini sayyoradagi ilk odamlar deb biladi. Boshqalar ulardan tarqalganini da'vo qiladi.
Har bir qabila o'z o'tmishini afsonadek hikoya qiladi. Birortasidan ular hozirgi Sibir tomonlardan kelib qolgani haqida eshitmaysiz. Kelgindi emasmiz, shu yerda vujudga kelganmiz, deydi ular. Bu qachon sodiq bo'lganining ular uchun ahamiyati yo'qdek.