NATO Polshada harbiy mashqlar o'tkazmoqda. Alyans birligi savol ostida

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning Kaliningrad shahridan 350 kilometr narida joylashgan Polshada NATO harbiy mashqlari o’tmoqda. Bu Sovuq urushdan beri eng yirik tadbir bo’lishi kerak edi, biroq pandemiya sabab mashg’ulotlar ko’lami kichraytirildi. AQShdan olti mingdan ziyod askar va uch ming dona harbiy texnika jalb qilingan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-iyun, 2020-yil

“Pandemiya sharoitida ham mashg’ulotlarni to’liq shaklda o’tkazsa bo’lardi, chunki bungacha barcha xavfsizlik choralari ko’rilgan edi”, - deydi kapitan Robin Jozef Xaake.

Tashqi ko’rinishdan NATO kuchlari bir bo’lib harakat qilsa-da, alyans ichida ziddiyat kuzatilmoqda. Tramp ma’muriyati yaqinda Germaniyani mudofaa xarajatlari uchun NATO nizomida ko’rsatilganidan kam miqdorda pul sarflayotganlikda aybladi. Shundan so’ng AQSh rahbari Germaniyadagi harbiy bazadan bir necha ming amerikalik askarni chiqarish rejasini e’lon qildi.

“Germaniyada 52 ming askarimiz bor. Bu juda ko’p sonli armiyadir. AQShga bu qimmatga tushyapti. Germaniya esa NATOga badalini to’lashda oqsamoqda”, - dedi Tramp.

AQSh Mudofaa vazirligining aniqlik kiritishicha, Germaniyada Amerikaning taxminan 35 ming qo’shini bor. Ularni 25 mingga tushirish rejasi mavjud.

“Amerikaning Germaniyadagi harbiylari nafaqat Germaniya, balki AQSh xavfsizligini ta’minlashda ham muhim rol o’ynaydi”, - dedi Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas.

Germaniyadan chiqarilgan askarlarning bir qismi Polshaga safarbar etilishi mumkin.

“Ko’plab muloqotlarimiz natijasida hamda NATO ichida o’zimizni mustahkam hamkor sifatida namoyish etishimiz natijasida Germaniyadagi AQSh qo’shinlarining bir qismi haqiqatan Polshaga jo’natilib, NATOning sharqiy qanotini kuchaytiradi degan umiddaman”, - deydi Polsha Bosh vaziri Mateush Moraveskiy.

Amerikaning Shtutgartdagi harbiy bazasi Afrika qo’mondonligining bosh qarorgohi ham hisoblanadi.

“Germaniyadagi bazalar nafaqat Germaniya tashqarisi, balki Yevropa tashqarisidagi maqsadlarga ham xizmat qiladi. Shu sabab askarlarning chiqarilishi jiddiy yo’qotishdir. NATOning Rossiyaga nisbatan mudofaa siyosatida bu yo’qotish ayniqsa qattiq his etiladi”, - deydi “Yevropa islohoti markazi” tahlilchisi Ian Bond.

Tahlilchilarning aytishicha, AQShning qaysi qismlari Germaniyadan chiqarilishi ma’lum bo’lganidan so’nggina bu qaror ta’sirini aniqroq tahlil qilish mumkin bo’ladi.