4-dekabr kuni Bryusselda NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari majlisi bo’lib o’tadi. AQSh delegatsiyasiga Davlat kotibi Mayk Pompeo rahbarlik qiladi. Alyans a’zolari Rossiyaning Ukraina bilan tortishuvi, NATO byudjeti xususida fikr almashishi kutilmoqda. Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko tashkilotdan uning mamlakatini himoya qilishni so’ramoqda.
Rossiya hujumi ehtimolidan tashvishlangan Poroshenko Ukrainaning bir qismida harbiy holat e’lon qilgan.
“Rossiyaning Azov dengizidagi harakatlari tahdid bo’lib, ittifoqchilarimiz bilan shunga loyiq javob ustida ishlayapmiz”, - dedi u.
Ukraina rahbari NATOdan Azov dengiziga harbiy kemalarini yuborishni so’ragan. Biroq alyans Rossiya bilan ochiq to’qnashuvgacha bormasligi mumkin.
“Rossiyani Ukraina portlariga yo’llarni to’smaslikka, Azov dengizida va Kerch bo’g’ozida Ukraina kemalarining erkin harakatlanishini ta’minlashga chaqiramiz”, - dedi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg.
Rossiya Ukrainaga qarashli uch harbiy kemani hibsga olgach, AQSh Prezidenti Donald Tramp Argentinada o’tgan Katta Yigirmalik sammitida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvni bekor qildi. Tramp, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarni NATO tashkilotidagi badallarini yetarli miqdorda to’lamayotganlikda aybladi.
Ukraina va Gruziyaning NATOga a’zo bo’lish harakatlari ham Bryusseldagi majlisda muhokama etiladi.
Gruziyaning o’tgan hafta saylangan yangi Prezidenti Salome Zurabishvili Gruziya bu yo’ldan qaytgani yo’q, dedi.
Vashingtonlik tahlilchi Nikolas Redmenning aytishicha, G’arb kutilmagan harakatlarga moyil Kremlni muvozanatda ushlashdek qiyin vazifa bilan yuzlashmoqda.
“Bunday siyosat yangi yondashuvlar talab qiladi. Rossiya bilan muloqot nuqtalarini aniqlab olish lozim”, - deydi u.
Tashqi ishlar vazirlari NATOning Afg’onistondagi harbiy amaliyotlari xususida ham gaplashadi. Alyansga a’zo va unga hamkor 39 mamlakatdan 16 ming askar afg’on kuchlariga Tolibonga qarshi kurashda yordam bermoqda, ularning harbiy tayyorgarligi bilan shug’ullanmoqda.