NATO Rossiyani mudofaa bo’yicha hamkorlikka ko’ndira olmadi

  • Amerika Ovozi

NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Ittifoqining yaqinda Chikagoda o’tgan majlisida Afg’oniston bosh mavzu bo’ldi. Ammo Rossiyaning qattiq tanqidiga uchragan bir masala bo’yicha ham konkret bayonotlar yangradi.

NATOga a’zo 28 davlat rahbari 2014-yilga borib Afg’onistondagi urushni yakunlash qarorini tasdiqladi. Kelasi yilning o’rtalariga borib, jangovar operatsiyalar uchun javobgarlik afg’on xavfsizlik kuchlariga o’tadi.

Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatilishi ham aniq. 2009-yilda prezident Barak Obama Bush ma’muriyati davrida ishlab chiqilgan loyihani, Polsha va Chexiyada raketa va radar sistemalarini joylashtirish rejasini qayta ko’rib chiqishini aytgan edi.

O’zgartirishlar shundan iboratki, raketani urib tushiradigan moslamalarni kemalarda, ham quruqlikda o’rnatishga qaror qilingan. Sammitda Obama ittifoqchilarga minnatdorchilik bildirdi.

“Radarlarni NATO a’zosi Turkiya o’z hududiga joylashtirishga rozilik berdi. Ispaniya, Ruminiya, Polsha va Niderlandiya mudofaa sistemasini yaratishga hissa qo’shadi”, - deydi u.

Ushbu bayonot Rossiya g’azabini oshirishi turgan gap. Kreml mudofaa tizimi qit’ani Eron kabi mamlakatlardan himoya qiladi, degan gaplarga ishonmaydi. Asl maqsad, deydi mulozimlari, Rossiyani yakkalash, geostrategik ustunlikka erishish.

Prezident Barak Obama deydiki, Yevropada rejalangan sistema Rossiyaning qurolli kuchlariga bas kela olmaydi. Bu loyihani ro’yobga chiqarishda Moskva biz bilan hamkorlik qilsin, deydi Obama.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin NATO sammitida qatnashish taklifini rad etgan. Yangi saylangan Putin hukumatni tuzish ishlari bilan band ekanini aytib, o’rniga Bosh vazir Dmitriy Medvedevni yuborgan.

Prinston Universiteti professori Stiven Koen nazarida Rossiya rahbari yig’inga kelmagani ortida boshqa sabablar ham bor.

“Vladimir Putin Vashington mudofaa tizimidan voz kechmasligini tushunadi. Chikagoda bu dastur keng muhokama etildi, uni amalga oshirish va kengaytirish haqida kelishib olindi. Putin, tabiiyki, bunga hech qachon rozilik bermagan bo’lardi”, - deydi Koen.

Mudofaa bo’yicha ekspert Jon Parker Rossiya rahbariyati tutgan pozitsiyani ichki siyosat bilan izohlaydi.

“Gap shundaki, Rossiya qurol arsenalini yangilash uchun 2020-yilgacha milliardlab dollar mablag’ ajratishni ko’zlamoqda. Kelasi yildan raketa ishlab chiqarish ikki karra oshadi. Rossiyada mudofaa sanoatining kuchli lobbisi bor, bu mablag’ning bir bo’lagini qo’lga kiritishga harakat qilayotgan kompaniyalar bor. Ular tahdidni oshirib ko’rsatishdan manfaatdor”.

Ekspertlar fikricha, yaqin kelajakda Moskva va Vashington mudofaa borasidagi tafovutlarni hal etishini kutmasa ham bo’ladi. Amerikada noyabr oyida prezident saylovlari. Natija ma’lum bo’lganidan keyin, kelasi yili muzokaraga qaytgan ma’qul.