NATOning 70 yilligini nishonlash uchun Vashingtonga kelgan alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg Kongressda nutq so’zlab, Rossiyani asosiy tahdid deb atadi. Tashkilot bu tahdidga qarshi qanday turadi? Ayniqsa Amerika prezidenti harbiy blokni tanqid qilayotgan bir paytda.
Your browser doesn’t support HTML5
NATOning 70 yilligi uning yutuqlarini sarhisob qilishga yaxshi bir imkoniyat.
“NATO nafaqat eng uzoq tarixga ega alyans, balki eng muvaffaqiyatlisi hamdir”, - dedi Stoltenberg.
Bosh kotib yutuqlar bilan birga muammo va tahdidlarni ham tilga oldi. Ulardan biri Rossiya ekanini aytib, bu davlat xalqaro bitimlarni buzayotganini, Ukrainaga bostirib kirganini, xorijiy davlat saylovlariga aralashganini aytdi.
“Rossiyani yakkalatmoqchi emasmiz. U bilan aloqalarimiz yaxshiroq bo’lishiga intilamiz. Buning uddasidan chiqa olmasak ham u bilan til topishishga majburmiz. Tahdidlarni, to’qnashuv ehtimolini, xato hisoblarni kamaytirish uchun muloqot qilishga majburmiz”, - dedi Stoltenberg.
AQSh qonunchilari ham Rossiyani tahdid deb biladi.
“NATOni sog’lom va kuchli ushlab turishimiz zarur. Tahdidlar talaygina. Ulardan biri o’z kuchini ko’rsatishga intilayotgan va xalqaro majburiyatlarni nomiga bo’lsa ham bajarmayotgan Rossiya”, - dedi respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel.
Amerika qonunchilari Trampning NATOga nisbatan tanqidiy qarashlaridan tashvishda. U hatto tashkilotdan chiqamiz, deb do’q-po’pisa ham qilgan edi.
“Stoltenberg Tramp bilan ishchi va ma’noli aloqa qilib turishga harakat qilmoqda. Trampning NATOga sovuq munosabatiga qaramay, Demokratik va Respublikachilar partiyalari Stoltenbergni Kongressda nutq so’zlashga taklif etib, alyans birdamligi masalasida ikki partiyaning fikri bir ekanini ko’rsatmoqchi”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Jeyms Lemond.
Vitse-prezident Mayk Pensning aytishicha, Tramp NATOga a’zo davlatlardan mudofaa xarajatlariga ko’proq pul sarflashni talab qilib, haqiqiy liderlikni namoyish etmoqda.
“Prezident Tramp NATOdagi ittifoqchilarimizdan kollektiv mudofaa bobidagi o’z majburiyatlarini bajarishni so’ragani uning erkin dunyo lideri ekanidan dalolat”, - dedi Pens.
Biroq hozircha NATOning sakkiz mamlakatigina yalpi ichki mahsulotining ikki foizini mudofaa uchun ajratmoqda.