28 davlat a’zo NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti, sentabr boshida Uelsda sammitga yig’iladi. Kollektiv xavfsizlik va Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosati asosiy mavzu bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Kollektiv xavfsizlik deganda NATO uchun bir a’zo davlatga qilingan hujum butun alyansga nisbatan hujumdir.
Yaqinda Amerika matbuotida e’lon qilingan murojaatida NATO Bosh kotibi
Anders Fog Rasmussen ittifoq bir milliardga yaqin odamni himoya qilish uchun har tomonlama tayyor turishi lozimligini ta’kidladi.
Rasmussenga ko’ra, NATO liderlari blokni zamon talablariga moslashtirishi, kelajak sinovlariga shay turishi va kutilmagan xavfni bartaraf etish salohiyatiga ega bo’lmog’i darkor.
NATO oldida turgan muammolarning cheki yo’q. Eng yaqin masofadagi masala bu Ukraina va Rossiya orasidagi mojaro.
Ukraina hududiy yaxlitligi buzildi. Qrim endi Rossiyaniki. Kreml Ukraina sharqida separatist kuchlarni quvvatlamoqda. NATO Qrimni Rossiya hududi deb tan olmaydi, ammo haqiqat shuki, deydi rasmiylar, endi u yerda federatsiya hukmron.
Iste’fodagi admiral Jeyms Stavridis, NATO sobiq qo’mondoni, fikricha, prezident Vladimir Putin olib borayotgan agressiv siyosat oxir-oqibat pand beradi.
“Putinning strategiyasi strategik mag’lubiyatga yetaklaydi, bunga shubham yo’q. Chunki uning qilmishlari sabab NATO o’zini mustahkamlab oladi. Alyansga qattiq turtki bu. Ukraina bilan bog’liq masalalarni deb ittifoqda iroda, birdamlik va yakdillik kuchayadi”, - deydi u.
Rossiya xatti-harakatlari Boltiqbo’yi davlatlarini xavotirga solgani sir emas. “Ruslar himoyasiga otlangan” Kreml Estoniya, Latviya va Litvaning ayrim hududlariga ham ko’z olaytirishi mumkin, deydi mintaqa diplomatlari.
Shon Key, NATO faoliyati bo’yicha yetakchi mutaxassislardan biri:
“NATO harbiy kuchga kelganda Rossiyadan bag’oyat ustun. Qudrat, shubhasiz, alyansda, ya’ni G’arbda. Ittifoq bir narsani hal etishi kerak: Rossiya bilan qanday muomala qilishni”.
Urushmi yoki murosa? Hech kim urush istamaydi, deydi ekspert.
Admiral Stavridis nazarida Rossiya NATO a’zosini bosib ololmaydi. Bunday xavotir o’rinsiz, deydi keksa harbiy.
Biroq Ukrainaga nisbatan agressiyasi uchun Rossiya javobgarlikka tutilishi lozim va NATO bu borada qat’iy pozitsiyada turishi shart, deydi admiral.
“Alyans chegaralarini havodan qo’riqlovchi vositalar shay holatda turmog’i lozim. Strategik jihatdan buning ahamiyati katta. Rossiya bilsinki, biz qo’l qovushtirib o’tirmaymiz. Shimolda Boltiq dengizi, janubda Qora dengizda flotlarimiz yanada ogoh tursin. Ukraina qurolli kuchlarini zarur vositalar va kiber texnologiya bilan ta’minlaylik, ularning uquvini oshiraylik, umuman, har tomonlama treningdan o’tkazaylik. Mening ta’birimcha, Rossiya hali-beri Ukrainani tinch qo’ymaydi”, - deydi Stavridis.
Admiralga ko’ra, NATO va Rossiya juda tarang munosabatda, biroq bu sovuq urushga xos davr boshlandi degani emas.
“Sovuq urush paytida olti million askar yuzma-yuz kurashga shay turgan. Dunyoning ikki yirik davlatiga qarashli kuchlar yer, havo va dengizda mijja qoqmagan. Atom qurollarimiz otilishga tayyor edi. 20-30 yil davomida proksi urushlar bilan shug’ullanganmiz, ya’ni boshqa mojarolar orqali bir-birimizga qarshi kurashganmiz. Hozir unday davr emas va unday davrga qaytmayapmiz ham”, - deydi u.
NATO yaqinlashayotgan sammitida Afg’oniston kelajagini ham muhokama qiladi. Xalqaro koalitsiya bu mamlakatni tark etmoqda. Afg’oniston o’zini eplashi uchun qanday yordam beriladi? Bu Uelsda o’tadigan yig’indagi ikkinchi eng dolzarb masala.