Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning qamoqxonada vafot etganiga norozilik bildirish uchun o’nlab odam ko’chaga chiqib namoyish qildi. Politsiya bir nechtasinihibsga oldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi hisoblangan Navalniy 19 yillik qamoq jazosini o’tayotib jon bergan. G’arb uning o’limida Rossiya hukumati va xususan Prezident Putinni ayblamoqda.
Qamoqxona mutasaddilari Navalniyning tobi qochib hushidan ketganini aytadi. Rossiyaning G’arbdagi tanqidchilari bunga ishonmayapti.
“Shubhangiz bo’lmasinki, Navalniyning o’limiga Putin sababchi. Putin mas’ul. Navalniyning o’limi Putinning shafqatsizligiga yana bir dalildir. Bizni laqillatishmasin”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.
Germaniyaning Myunxen shahrida to’plangan Katta Yettilik guruhiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari majlisdan oldin bir daqiqalik sukut bilan Navalniyni xotirladi.
London, Berlin va Yevropaning boshqa shaharlarida Putin tuzumiga qarshi rossiyaliklar mamlakati elchixonasi yonida to’plandi, Putinni Navalniyning qotili deb atadi, Rossiyaning Ukrainadagi urushiga qarshi da’vatlar yangradi.
Braziliya Prezidenti Luis Inasio Lula da Silva bu ishda Rossiya hukumati yoki rahbarini ayblashdan oldin izchil tergov o’tkazish kerakligini aytdi.
Lula bu haqda Afrika Ittifoqining Addis-Abbebadagi sammitida so’zladi.
Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok esa Navalniyning o’limi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi Rossiyaga yangi sanksiyalar qo’llashi kerak deya fikr bildirdi. Bugun Bryusseldagi majlisda Yevropa vazirlari G’azodagi vaziyat va Navalniyning o’limi kabi mavzularni muhokama qildi.
Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, Navalniyning o’limidan so’ng uning rafiqasi Yuliya rus muxolifatini boshqarishi mumkin. Biroq “Levada” ijtimoiy markazi xodimi Aleksey Levinson Navalnaya Rossiyaga qaytsa qamalishini taxmin qilarkan, xorijdan turib muxolif faoliyat yuritishdan natija katta bo’lmasligini aytadi.
Yuliya Navalnaya bugun Bryusselda Yevropa Kengashining prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashdi, Yevropa Ittifoqi majlisiga to’plangan vazirlar bilan muloqot qildi.
“Uch kun oldin Vladimir Putin turmush o’rtog’im Aleksey Navalniyni o’ldirdi. Putin bolalarimning otasini o’ldirdi. Eng muhimi, Putin Navalniyni sizlardan oldi. Putin nafaqat bir odamni, balki umidlarimiz, erkinligimiz, kelajagimizni o’ldirdi. Men Aleksey Navalniyning ishini davom ettiraman, mamlakatimiz uchun kurashishda davom etaman. Men bilan birga bo’lishingizni so’rab qolaman”, - dedi Yuliya Navalnaya YouTube orqali qilgan murojaatida.