Germaniyada davolanayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy safdoshlari uning Tomskda zaharlanganini da’vo qilmoqda. Biroq bungacha taxmin qilinganidek samolyotda emas, shahardagi mehmonxonada.
Your browser doesn’t support HTML5
Faollar Navalniy betob bo’lishi haqida xabar topishi bilan uning oteldagi xonasiga kirib, u yerdagi barcha jihozlarni ro’yxatga olganini va ushbu jarayonni videoga tushirganini aytadi.
Xonada topilgan bo’sh suv shishasi Navalniy Germaniyadagi kasalxonaga jo’natilganidan so’ng ekspertiza uchun nemis mutaxassislariga topshirilgani aytiladi.
Germaniyalik shifokorlar Navalniy Sovet Ittifoqida ishlangan “novichok” asab agenti bilan zaharlangan degan xulosaga kelgan. Keyinchalik Fransiya va Shvetsiyadagi laboratoriyalar ham bu xulosani tasdiqladi. Navalniy tarafdorlari asab agenti izlari aynan shu shishalarda topilganini aytmoqda.
Rossiya bu da’volarni inkor etarkan, Germaniyadan hanuz dalil olmaganini bildirmoqda.
“Novichok”ni yaratgan olimlardan biri Leonid Rinkning aytishicha, agar shishada haqiqatan bu kimyoviy modda bo’lganida edi, Navalniy omon qolmagan, oteldagi barcha odamlar ham zaharlangan bo’lardi.
Navalniy 20-avgust kuni hushidan ketib, Omsk shahrida ikki kun davolangan, so’ng Germaniyaga yuborilgan. Bir necha kun oldin u sun’iy komadan chiqarilib, hushiga keldi.
Seshanba kuni esa Navalniy “Instagram”dagi sahifasiga kasalxonada tushgan suratini qo’yib, salomatligi yaxshilanayotganini ma’lum qildi. 44 yashar muxolifatchi matbuot kotibasi orqali Rossiyaga qaytmoqchi ekanini bildirgan.
Bu o’rtada Yevropa Parlamenti deputatlarining aksariyati Navalniyning “Korrupsiyaga qarshi kurash jamg’armasi” ro’yxatiga tushgan amaldorlarga qarshi sanksiya qo’llashga doir rezolyutsiya qabul qildi.
Qonunchilar faolning zaharlanishini mustaqil ravishda tergov qilishga chaqirib, tergov komissiyasi tarkibiga Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Kimyoviy qurollarni man qilish tashkilotidan vakillarni qo’shishni taklif etdi.
Britaniya hukumati Navalniyni Rossiya razvedkasi zaharlaganini da’vo qilmoqda.