Mir Alisher Navoiy Xalqaro Simpoziumi Kobulda ochildi va besh kun davom etadi. Tadbir Mozori Sharifda yakunlanadi. Afg’oniston o’zbeklari simpoziumdan mamnun va bunday madaniy-ilmiy tashabbuslar tinmaydi, degan umidda.
Your browser doesn’t support HTML5
Kobulda prezident saroyida o’tkazilgan tadbirda mintaqa navoiyshunoslari asosiy mehmonlar.
Anjumanda Afg’oniston rahbari Muhammad Ashraf G’ani so’zlab, Navoiy va o’zbek tili ahamiyatiga to’xtaldi. Navoiy davri ko’p jihatdan yuksalish davri bo’lgan, afg’on xalqi ravnaqi uchun ilm va ma’rifat zarur, dedi G’ani.
“Navoiy bizdan, lekin butun dunyoniki. Mir Alisher Navoiy shoir, yozuvchi va siyosatchi bo’lib, barcha xalqlarga foydasi tekkan. Uning nomi Afg’ioniston tarixda baland maqomga ega. O’zbek tili Afg’onistondagi dari va pashtu tillari kabi ahamiyatga ega. Achinarlisi shuki, ba’zida esdan chiqarilgan. Lekin endi hech qachon esdan chiqarilmaydi”,- deydi Ashraf G’ani.
Afg’oniston o’zbeklari sardori va vitse prezidenti General Abdul Rashid Do’stum o’zbek tilini taraqqiy ettirish kerak, deydi. Yutuqlarni boy bermaslik kerak, deydi u.
“Ko’chalaridan o’ta olmaydigan kunlaringizni eslang! Bugun prezident saroyida xalqaro alloma Mir Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi nishonlanmoqda. Bugun bizlar uchun tarixiy kun. Necha yillardan keyin yana tanilayapmiz, siyosatga qo’shilayapmiz. Bugun bir o’zbek bolasi prezident yon tomonida o’tiribdi, uning birinchi o’rinbosaridir. Bugunni esdan chiqarmanglar! Bugunga gap bilan erishmadingizlar, bugunga mehmonlik-to’y bilan erishmadingizlar. Bugunga qizil gilam rangi kabi yigitlar qoni to’kilib erishdingizlar. Endi haq-huquqlaringizga ega bo’ldingizlar. Buning davomi haqida o’ylanglar”,- deydi General Abdul Rashid Do’stum elatdoshlariga qarata.
O’zbekistondan ham professorlar tashrif buyurgan. Xalqaro Bobur Jamga’rmasi raisi Zokirjon Mashrab ushbu delegatsiyaga rahbar.
“Hazrat Navoiy tavalluduning 575 yilligiga bag’ishlab tashkil etilgan bu anjuman g’oyat xayrlidir. Bu oliy anjumanga taklif etilganimiz, do’stlik ko’prigi deb ataladigan Hayraton ko’prigidan o’tishimiz bilan bizga ko’rsatilayotgan mehmondo’stlik uchun chuqur mennatdorligimizni izhor etamiz. Biz o’zimizni do’stlar davrasida, bobomiz buyuk Navoiy xonadonida his etmoqdamiz. Men Navoiyning bir muxlisi sifatida uning xokini ko’zimga surtish imkoniyatiga ega bo’lganimdan baxtiyorman. Bundan 25 avval O’zbekiston mustaqil emas edi, ammo yurt rahbari Islom Karimov vatanni ozod etish uchun bel bog’lagan edi va shu ulug’ niyat bilan Navoiy hazratlarining 550 yilligiga atab elga dasturxon yozildi va Navoiyning shafoati bilan mustaqillikka erishdik o’sha yili. Bugun mana shu tabarruk Afg’oniston zaminida Navoiy hazratlarining 575 yilligi nishonlanayotgan ekan, u zotning ruhi Afg’oniston xalqini ham qo’llab-quvvatlashiga imonim komildir”,- deydi O’zbekistondan Afg’onistonga tashrif buyurgan delegatsiya a’zosi professor Abdulla A’zam.
Simpoziumda qatnashgan o’zbeklar fikricha bu anjuman xalq uchun juda foydalidir.
“Afg’onistonda Mir Alisher Navoiy simpoziumi o’tkazilishi o’zbek tili va adabiyoti hamda xalq uchun yirik ahamiyatga egan. Bu bilan yozuvchilar uchun Navoiy haqida asar yozishida yana-da imkoniyat yaratadi. Prezident Ashraf G’ani shunday tantanali simpozium o’tkazilishini tan olarkan, bu harakat maktablardagi o’zbek tili darsliklari qayta chop etilishi va maktablarga yetkazib berilishida, muallimlar tarbiyalanishiga ham ulkan hissa qo’shadi. Bunday anjumanlar rasmiylar diqqatini o’ziga tortadi”,- deydi Hasan To’lqin.
“Biz bunday bir xalqaro anjumanga qatnashganimizgan juda xursandmiz. Haqiqatdan ham Navoiyga yarashadigan bir simpozium edi. Bu yerda so’zlagan navoiyshunoslar so’zlari biz uchun yoqimli edi”,- deydi Nurahmad Yuzboshi.
O’zbek talabalari Navoiy asarlari chop etilib, ko’proq odamlar ulardan bahramand bo’ladi degan umidda.
“Kobulda o’tkazilgan Mir Alisher Navoiy xalqaro simpoziumini ijobiy baholayman. Afg’oniston bo’ylab Navoiyni oz odamlar taniydi. Davlatdan shunday simpoziumlar qayta-qayta o’tkazilishini so’rayman. Biz talabalar Navoiyni yaxshi taniymiz, u zotning kim ekani va asarlari haqida bilamiz. Navoiy yolg’iz o’zbek tiliga emas, fors tiliga ham asarlar yozgan - xizmat qilgan. Bugun shunday bir ulug’ insonga bag’ishlangan anjumanda fors elatiga mansub rasmiylar kelmaganini ko’rib juda xafa bo’ldim. Ularning bunday ishlari yaxshi emas”,- deydi Juzijon universiteti O’zbek tili va adabiyoti bo’limi talabasi Oysha Mustafozoda.
“Arboblardan istaymizki, rasmiy maqomga ega o’zbek tili maktabda 1-sinfdan 12-sinfgacha o’qitilsin. Navoiy asarlari chop etilsin, hamma kishi foydalansin”,- deydi Abdulmalik Rahmoniy, talaba.
Prezident Ashraf G’ani Alisher Navoiy nomiga medal ta'sis etib, davlat rahbari saroyida Navoiy surati o’rnatilishini buyurdi. Juzijon universiteti o’zbek tili va adabiyoti bo’limi ustozi Najibulloh Ismatiy nazarida bu o’zbek tiliga bo’layotgan e’tibor nishonasidir.
“Bundan keyin Navoiy nomiga bir medal yasaladi, adabiy sohalarda yutuqlarga etishganlar shu medal bilan mukofotlanadi. Buning ham moddiy va ham ma’naviy foydalari bor. Bu kutilmagan bir harakat… Afg’on hukumatining Navoiyga bo’lgan bu e’tibori biz uchun katta yutuq. Biz o’zbeklar yillar davomida oltinchi barmoq bo’lib yashab kelar ekanmiz, bunday yutuq o’zbeklar uchun juda ahamiyatga ega”,- deydi Najibulloh Ismatiy.
Mutaxassis fikricha endi qolgan ish o’zbek ziyolari va o’zbek xalqi zimmasida, imkoniyatlardan foydalanish zarur.
“Hamma joyda ham hukumat hamma ishni o’zi qilib bermaydi. Xalq o’zi hukumatga murojaat qiladi, o’z haqqini so’raydi, o’z haqqini oladi. Davlat simpozium o’tkazar ekan, shuning o’zi boshqa ishlar uchun zamin yaratadi. Bilamiz, bugun Afg’onistonda Navoiyni kamdan-kam odamlar taniydi. Navoiy shunday ulug’ inson ekan, xalqning hozirgacha uni tanigani yetarli emas”,- deydi domla Ismatiy.
Suhbatdoshimiz fikricha, navoiyshunoslik, o’zbek tili va adabiyot kelajagi porloq.
“O’zbek tili kelajagiga umidvorman. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo’ladi. Men yangi kelgan talabalardan nega o’zbek tili va adabiyoti bo’limini tanladingiz deb so’rayman. Ular biz o’z tilimizni yaxshilab o’rganib olmoqchimiz deydilar. Shuning o’zi bizni umidvor qiladi. Qo’shnimiz O’zbekiston ekan, O’zbekiston bilan madaniy aloqa qurilishi kerak. Yoshlarimiz borib, malakalarini oshirib kelsin. Til, adabiyot va jurnalistika sohalarida mutaxassislikka ega bo’lsinlar”,- deydi Najibulloh Ismatiy.