Filadelfiya shahrida o'tgan Navro’z bayrami “Katta Filadelfiya o’zbekistonliklari hamjamiyati” tomonidan uyushtirildi. Guruh nafaqat o’zbeklarni, balki O’zbekistondan chiqqan turli millatga mansub muhojirlarni birlashtiradi.
Your browser doesn’t support HTML5
Salkam 400 kishini sig’dirgan “Golden Geyts” restoranida o’tgan bayram ochilishida O’zbekistonning Vashingtondagi konsuli, AQSh hamda Pensilvaniya shtati qonunchilari, chikagolik tarix professori so’zga chiqdi.
Respublikachi kongressmen Brayan Fitspatrikning aytishicha, Amerika muhojirlar va ularning madaniyatlari hisobiga boyimoqda.
“Biz muhojirlar mamlakatimiz. Buni faxr bilan tilga olishimiz kerak. Immigrant o’tmishimiz va merosimizni ulug’lar ekanmiz, mamlakatimizda qonunlar ustuvor ekanini unutmasligimiz lozim. Davlatimiz siyosati muhojirlikka qarshi bo’lishi kerak, deb o’ylamayman. Ularni o’z bag’rimizga olishimiz kerak, chunki hammamiz – muhojirmiz. Mening ota-bobolarim irlandiyalik bo’lgan. Muhojirlar davlatimizni yaxshiroq, kuchliroq qiladi”, - dedi Pensilvaniya shtatidan saylangan respublikachi qonunchi.
Tarix professori Jon Vuds tadbirga Chikago shahridan keldi. U Amir Temur va turkiylar tarixi bo’yicha mutaxassis.
“Temur O’zbekiston uchun muhim tarixiy shaxsdir, yurt o’zligini belgilashda ahamiyati katta. Men O’zbekistonga Sovet paytida borganimda Temur tarixini o’rganish man qilingan edi. Mustaqillik yillarida esa u yangi O’zbekiston timsoliga aylandi. Temur shaxsi O’zbekistonga tarixda o’z o’rnini anglashga imkon berdi”, - deydi olim.
Ayrim hisoblarga ko’ra, Filadelfiya va uning atrofida 10 ming o’zbekistonlik yashaydi. Ammo restoran hamma xohlovchilarni sig’dira olmadi.
Navro’z bayramini filadelfiyalik o’zbekistonliklar bilan qutlash uchun O’zbekistondan maxsus tashrif buyurgan xonanda Og’abek Sobirov respublikadagi so’nggi o’zgarishlar haqida o’z taassurotlari bilan o’rtoqlashdi.