Zilzila Nepal infratuzilmasini vayron etdi

  • Amerika Ovozi

Nepal

Nepalda ikki kun oldin ro'y bergan dahshatli zilziladan so'ng xorijdan malakali qutqaruvchilar guruhi mamlakatga kelmoqda. Shu kungacha 4000 dan ziyod kishi o'lgan, minglab odam jarohat olgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni chiqarishga harakat qilmoqda.

Chekka joylarda yer ko'chib, qidiruv va qutqaruv ishlariga pand bermoqda. Ayrim qishloq joylarda aloqa uzilgan. Qurbonlar soni oshishi taxmin qilinmoqda.

Kuzatuvchilarga ko'ra, zilzila ham minglab insonlar hayotini nobud qildi hamda asosiy daromadni turizmdan ko'rayotgan Nepal infratuzilmasini vayron qildi.

Ko'plab odamlar mamlakatni tark etolmay xunob. Shahar aeroportida parvozlarni boshqarish markazi evakuatsiya qilingan.

Hududda shu hafta yana bir necha silkinish bo'lishi aytilmoqda. Katmandu aholisi qatorasiga ikkinchi kun ko'chada tunashga majbur.

Shanba kungi zilzila kuchi 7,8 bal atrofida bo'lib, markazi poytaxtdan 80 kilometr narida qayd etilgan. Shaharning tarixiy markazi vayron bo'lgan.

Qo'shma Shtatlar gumanitar yordam tariqasida bir million dollar ajratgan va 56 nafar qutqaruvchilarini yuborgan.

Ulardan biriga ko'ra, ekspertlar odamlarni vayronalar orasida qidirib, ularga shikast yetkazmay chiqarish bilan shug'ullanadi.

Katmandu kasalxonalari bemorlar bilan to'lgan.

"Og'ir yaradorlar ko'p, ayrimlarining qo'l-oyoqlarini kesishga to'g'ri keldi. Boshi, ko'kragi, umurtqasidan shikast yeganlar ko'p", - deydi shifokor Ganesh Gurung.

Zilzila qo'shni Hindiston, Bangladesh, Butan hamda Nepal-Xitoy chegarasida ham qurbonlarga sabab bo'ldi.