Xitoyda yangi tarqalgan virusga qarshi choralar ko’rilmoqda, biroq koronavirus haqida ma’lumot kam bo’lgani sabab undan davolash usullari ham noaniq.
Ayni damda xitoylik sayyohlar ham Xitoy, ham xorij aeroportlarida tibbiy ko’rikdan o’tkazilmoqda. Ularda gripp va yangi virusning boshqa alomatlari tekshirilmoqda. Virusning koronavirus deb atalishiga sabab shuki, uning atrofidagi o’simtalar tojga o’xshaydi.
Virus nafas olish yo’llari, oshqozon-ichak trakti, asab tizimiga zarba beradi. Uning 2002-yilda tarqalib, 774 odamning o’limiga sabab bo’lgan SARS virusiga o’xshashligi aytiladi. 2012-yilda esa boshqa bir koronavirus – Yaqin Sharqdagi nafas olish yo’llari sindromi tarqalgan edi.
“Bu virus odamlarga har holda ko’rshapalaklardan yuqqan, ammo hozir tuyalarga ham o’tgan. Bu koronaviruslarning hayvondan insonga o’tish xususiyati mavjud”, - deydi Merilend universiteti olimi Mettyu Frimen.
O’tgan yil dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida ilk bor qayd etilgan yangi koronavirus insonga dengiz mahsulotlaridan o’tgani, so’ng esa havodan, masalan, oddiy yo’tal yoki aksirish bilan yuqishi aniqlandi. Frimenning aytishicha, koronavirusni yuqtirish juda oson. Yoshi kattalarning unga qarshilik ko’rsatishi qiyinroq.
“Agar 65 yoki undan katta bo’lsangiz, asoratlari ko’p bo’lishi mumkin”, - deydi AQSh Sog’liqni saqlash institutidan Entoni Fauchi.
Asoratlarga pnevmoniya, bronxit, buyrak yetishmovchiligi, o’pkada suyuqlik to’planishi va hatto o’lim misol bo’la oladi.
“Ikkilamchi bakterial infeksiyaga uchrasangiz, antibiotik ichishingiz mumkin. Nafas olish qiyinlashsa, respiratordan foydalansa bo’ladi, ammo shunda ham sog’ayib ketishga kafolat yo’q, chunki virus yangi”, - deydi doktor Fauchi.
Dunyo olimlari ayni damda uni o’rganmoqda.
“Virus qayerdan keldi, qanday faoliyat yuritadi, uning tarqalishini tushunish uchun diagnostika ishlab chiqish mumkinmi? Shularni bilish muhim”, - deydi Frimen.
AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi qo’lni tez-tez yuvishni, yo’talganda og’izni tirsak yoki salfetka bilan yopishni tavsiya qilmoqda.