AQSh bo’ylab koronavirus tarqalishi kuchayib borayotgan bir paytda o'zbekistonliklar jamiyati mart oyiga belgilangan bir qator tadbirlarni bekor qildi. Virus eng ko’p qayd etilgan shaharlardan biri bo’lgan Nyu-York shahrida favqulodda vaziyat e’lon qilingan. Bruklinda yashovchi o'zbekistonlik faollar koronavirus tarqalishining oldini olish uchun vatandoshlarga videomurojaat bilan chiqdi.
Dilshod Zokirov va Sanjar Babajanov Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi saytidan koronavirusning AQSh bo'ylab tarqalishini yaqindan kuzatmoqda. Nyu-Yorkdagi o'zbekistonliklarning “Mahalla USA” tashkiloti faollari bejiz Chikagodagi vaziyatga e'tibor qaratgani yo'q.
“Bilasiz, an'anaviy tarzda Navro'z va Mustaqillik bayramlariga atalgan “Mahalla USA” hamda Mustaqillik kubogi qo'mitasi tomonidan uyushtirib kelinayotgan futbol turniri, futbol bo'yicha “Navro'z 2020” musobaqasini biz bu safar Illinoysning Chikago shahrida uyushtirayotgan edik. Lekin AQSh Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyalar asosida u yerda nafaqat turnir, balki jamoaviy tarzda, oilalar farzandlari bilan tashrif buyurib, ochiq havoda Navro'zga bag'ishlangan sayl o'tishi kerak edi. Lekin biz ularning xavfsizligini, sog'lig'ini o'ylagan holda, qolaversa, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bergan tavsiyalarni inobatga olib umuman mana shunaqa jamoaviy tadbirlarni bekor qildik. Birinchi o'rinda sog'liq”, - deydi “Mahalla USA” tashkiloti vitse-prezidenti Dilshod Zokirov.
Tashkilotchilarning aytishicha, Navro'z kubogi futbol turniri kelasi yilga qoldirilgan. Ular bunday qarorga kelgan yagona jamiyat emas. Filadelfiya shahrida va Nyu-Yorkda o'tkazilishi mo'ljallangan Navro'z sayli va qator konsert hamda ommaviy tadbirlar ham bekor qilingan.
Nyu-Yorkda koronavirusga chalinganlar soni keskin ko'payishi ortidan shtatda 13-martdan boshlab 500 kishidan ortiq qatnashchi ishtiroki ko'zlangan barcha ommaviy tadbirlar bekor qilingan yoki boshqa sanaga ko'chirilgan.
2-mart kuni Nyu-York shtati hududida koronavirusga chalingan ilk kasal aniqlanishi bilan Nyu-York va uning tevaragida vaziyat tubdan o'zgardi. Avvaliga barchaning e'tibori kasallik aniqlangan o'choq, Manxettendan ancha olisdagi Nyu-Roshell shahriga qaratildi. Koronavirusga chalinganlar soni keskin o'sib 200 dan oshgach, unga qarshi kurash choralari butun shtat bo'ylab kuchaytirildi.
12-mart kuni shahar meri Bill de Blazio Nyu-Yorkda favqulodda holat joriy qildi.
Bruklin jamoat kutubxonalari oy oxirigacha ommaviy xizmatlar ko'rsatishni chekladi. Muzey va teatrlar eshiklari yopildi. Shtat gubernatori Endryu Kuomo va Nyu-York shahri meri Bill de Blazio so’nggi vaziyat bo’yicha aholini xabardor qilish uchun muntazam matbuot anjumanlari o'tkazmoqda.
Ular aholini ko’pchilik yig’iladigan joylarga bormaslikka, metro, avtobus kabi jamoat transportlaridan foydalanishni kamaytirishga chaqirmoqda. Xususiy biznes rahbarlaridan xodimlariga uydan turib ishlash imkoniyatini yaratib berish so’ralgan.
Shahar va shtatdagi yirik o'quv dargohlari rahbarlari bilan o’tkazilgan muzokaralar oqibatida 19-martdan CUNY va SUNY oliygohlarida mashg'ulotlarning asosiy qismi onlayn tarzda davom ettirilishiga kelishilgan. Xususiy kollej va universitetlar ham onlayn tizimga o’tmoqda.
Brodveydagi teatrlar ham kamida mart oyining oxirigacha o'z eshiklarini yopgan. Javits markazidagi yirik ko'rgazmalar bekor qilingan yoki boshqa vaqtga qoldirilgan. Maktablarda hali darslar davom etmoqda. Ayni paytda xonadonlarning internetga ulanganlik darajasi va bolalarning uyda dars olish imkoniyati o’rganilmoqda.
Shtat va shahar ma'muriyati rasmiylarining aytishicha, ushbu choralar virus tarqalishini kamida 40 foizga kamaytirishi mumkin.
Mutaxassislar virus yuqtirganini gumon qilayotgan shaxslarni kasalxona va shifo maskanlariga borishdan oldin ularga telefon orqali xabar yetkazishni maslahat bermoqda. Shu orqali ehtimoliy bemorning kasalxonaga borguncha atrofdagilarga virus yuqtirishining oldini olishga harakat qilinmoqda.
Nyu-Yorkdagi o’zbekistonliklar orasida savollar va xavotirlar oshgan. Jamiyat faollari, xususan, “Mahalla USA” tashkiloti a'zolari “YouTube” va ijtimoiy tarmoqlar orqali vatandoshlarga murojaatnoma yo'lladi.
“Har qanday holatda panikaga tushmaslik, balki ogoh bolib, ehtiyot choralarini to'g'ri amalga oshirish kerak”, - deydi “Mahalla USA” vitse-prezidenti Dilshod Zokirov.
“Bu holatda faqatgina tavsiyalarga amal qilib harakat qilish yordam beradi, xolos. Ya'ni, qo'lni 20 sekund davomida yuvish, Uber taksi xizmatida ishlaydiganlar deyarli har kuni maxsus bakteriyani o'ldiradigan suyuqliklardan foydalanib mashinalarini tozalashi kerak. Chunki har xil odamlar minadi. Ayollarimizga kelsak, 90 foiz ayollarimiz qariyalarga qaraydi, ularning vaziyatida maxsus qo'lqoplardan, gigiyena vositalaridan yo'riqnomaga muvofiq to'liq foydalanishlari, avvalambor, o'zining oilasi, turmush o'rtog'iyu farzandlarini turli xavflardan xoli saqlaydi”, - deya tavsiya bermoqda Dilshod Zokirov.
“Imkoniyat bo'lsa, qariyalar bilan ishlaydigan vatandoshlarimiz rezina qo'lqoplarini kiyib, maxsus 3M N95 raqamli niqoblarni taqib ishlashlari kerak”, – deya qo'shimcha qiladi yana bir o'zbekistonlik faol, shifokor Sanjar Babajanov.
Nyu-Yorkda ko'cha-ko’yda yuzida niqob taqqan, rezina qo'lqopda yurganlarni ham uchratish mumkin. Lekin ularning soni ko'p emas.
Yirik savdo do'konlari va dorixonalarda antiseptik vositalar va niqoblar qolmagani hamda yirik oziq-ovqat do'konlari peshtaxtalaridan suv va konservalar tez sotilib ketayotganidan tashqari ortiqcha vahima sezilmaydi. Metrolarda harakatlanayotgan odamlar ham kamaygan.
Sanjar Babajanovga ko'ra, hozirgi davrda tushuntirish ishlarini olib borish katta ahamiyatga ega.
“Virus to'g'risida ko'proq ma'lumotga ega bo'lgandan keyin vahima ancha pasaydi. Chunki endi biz bilamiz, ushbu virusni yuqtirish uchun kasal odam bilan bir qancha vaqt davomida juda yaqin aloqada bo'lish kerak. U o'z-o'zidan tarqalmaydi. Transport vositalari, odamlar ko'p yig'iladigan joylarda bo'lganda yuzga tegmasdan qo'lni yuvib turish kerak”, - deb tushuntiradi Sanjar Babajanov.
Vatandoshlarni qiziqtirayotgan yana bir muhim savol O'zbekiston bilan AQSh o'rtasidagi aviaqatnovlar bo'lib qolmoqda.
So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston 16-martdan boshlab boshqa davlatlar bilan barcha aviareyslarni bekor qiladi. Mamlakatga avtotransportda kirish chiqish yo’llari ham yopiladi.
Xorijda bo’lib turgan, vatanga qaytish istagini bildirgan vatandoshlar charter reyslar bilan O’zbekistonga qaytarilishi mumkin. Ular O’zbekistonda ikki hafta karantinda bo’ladi.
Nyu-Yorkda koronavirus avj olishi ortidan Manxetten ko’chalarida odam siyraklashgan. Taksichilik qilayotgan vatandoshlardan tortib ko’chada ovqat sotuvchilar, sayyohlarga turli xizmatlarni ko’rsatadiganlar ish kamayganini aytmoqda.
O'zbekistonlik faollar ijtimoiy tarmoqlar orqali vatandoshlarga so’nggi ma’lumotlarni yetkazishga urinmoqda.
“Amerikadagi vatandoshlarga maslahat - oddiy gigiyenik qoidalarga rio qilishsin. Qo'llarini tez-tez yuvib turishsin. Agarda kasal odam bilan aloqada bo'lgani haqida shubha bo'lsa, o'zining terapevtiga xabar bersin. Terapevt monitoring qilishi kerak bo'lsa, CDC, ya'ni Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi qo'llanma va tavsiyalari bo'yicha ish tutishadi”, - deydi Sanjar Babajanov.