Yuzlab namoyishchilar Nyu-York shahrining markaziy qismi Manxetten ko'chalari bo'ylab harakatlanmoqda. Bu Minneapolis shahridagi voqealar aks-sadosidir.
Pandemiyaga qaramasdan nyu-yorkliklar 28-maydan buyon oyoqqa turgan. Ular tilga olayotgan Jorj Floyd - Minnesota shtati Minneapolis shahrida oq politsiyachi tomonidan qo'lga olinishi ortidan vafot etgan qora tanli shaxs.
Miting qatnashchilari ko'tarib olgan transparantlarda Floyd o'limi yuzasidan adolat qaror topsin degan mazmundagi chaqiriqlar yozilgan.
Namoyishlar uchinchi kuni Nyu-Yorkning har besh qismini qamradi. 30-may kuni namoyishga chiqqanlar shahar ko'chalarida harakatni to'xtatishdi, politsiya bilan to'qnashuvga kirishdi. Shu kuni Donald Trampga tegishli osmono'par bino “Tramp Tower” oldida ham yuzlab kishi namoyishga keldi.
Buni ham ko'ring Amerika: Tartibsizlik bir necha shtatga tarqaldiNafas ololmayapman” - bu Jorj Floydning uni bo'ynini oyog'i bilan qisib turgan politsiyachi Derek Shovinga qilgan so'nggi iltijosi edi.
Namoyishchilar mobil videoda yozilgan bu so'zlarni shiorga aylantirishgan. Protestga chiqqanlar shior qilgan yana bir ibora - “Qora jon ham ahamiyatga ega”.
Nyu-Yorkda o'tayotgan namoyishlar davomida tartibbuzarlik va zo'ravonliklar ham kuzatilyapti. Shu boisdan politsiya namoyishchilar yo'lidagi binolarni qo'riqlashga harakat qilmoqda. Manxettendagi bir cherkov devorida haqoratomo'z so'zlar va turli shiorlar chizib qoldirilgan.
Politsiya xodimlari 30-may kuni 300 dan ortiq namoyishchini hibsga oldi.
“Adolat tiklanmas ekan, tinchlik erishilmaydi!” - bu so'zlarni namoyishchilar yo'llariga duch kelgan politsiyachilarga zarda bilan ifodalashyapti. Tayms Svker xiyoboniga yaqin ko'chalar ham shu kuni bir muddat namoyishchilar tomonidan to'sildi.
Buni ham ko'ring Pitsburgda irqchilikka qarshi namoyishlar va tartibsizliklarBu yerda ham politsiya namoyishga chiqqanlarning ayrimlarini qo'lga oldi. Zo'ravonlik ortidan shahardagi politsiya idoralari kuchaytirilgan holatda qo'riqlanmoqda. Ko'p sonli namoyishchilar har kuni, shuningdek, Bruklin tumani markazi Barkley arenasi oldida yig'ilishyapti.
So'zga chiqayotganlar politsiya xodimlari haddidan oshganini aytishmoqda. “Bo'ldi, sabr kosamiz to'ldi!” - deya hayqiradi ular.
Bruklinda kechayotgan yig’inlar har gal tartibsizlik va zo'ravonlik bilan qorishib ketyapti. Bugun ham bu yerda to'planganlarning bir guruhi atrofdagi do'konlar oynalarini sindirishdi. Devorlarda haqoratomo'z so'zlar yozib ketishdi. Yo'l chetida qoldirilgan politsiya mashinasi ham zo'ravonlarning dastidan omon qolmadi. Xuddi shunday hollar shaharning boshqa qismlarida ham kuzatilgan.
Binolarni qo'riqlayotgan zobitlarga “Mulkni emas, odamlarni himoyalash asosiy vazifangiz”, deya luqma tashlab o'tdi bir yosh yigit.
Bruklinda yig'ilgan namoyish qatnashchilari bu gal ham Bruklin ko'prigi osha Manxettenga o'tib yurishlarini davom ettirishdi. Kech tushishi bilan Nyu-Yorkda ham namoyishlar tartibsizliklarga aylangan hollar kuzatilyapti. Politsiya xodimlari va namoyishchilar orasida to'qnashuvlar kuchaymoqda, ularning xizmat mashinalari sindirilyapti, yoqilmoqda. Atrofdagi do'konlarga shikast yetkazilyapti.
30-may kungi namoyish kechgacha davom etdi. Yig'ilganlarning chiqishlariga qaraganda jamoatchilik orasida politsiyaga nisbatan oshgan g'azab arimagan, irqchilik muammosi ham jo'shqin bo'lib turibti.