G’arbiy yarimshardagi eng baland imorat Nyu-Yorkda, Ist River daryosi bo’yida joylashgan. Balandligi 264 metr bu bino taniqli arxitektor Frenk Geri ijodi namunasi.
Amerikaning osmono’par binolari yana bittaga ko’paydi. 76-qavatli bu imorat eng balandlardan. Bu yerda yashash uchun ham bir dunyo pul kerak.
“Narxi ancha baland bo’lgan binolar bu hududda hech qachon ko’p bo’lmagan. Ularning aksariyati kondominium, ya’ni xususiy mulk. Uy sotib olmay, ijaraga joy qidirgan odamlar esa ko’p. Ular uchun bu bino juda yaxshi imkoniyat,” - deydi ko'chmas mulk bo'yicha mutaxassis Klifford Finn.
Yangi binodagi derazalarni Geri Nyu-Yorkning qadimgi uylari derazalariga o’xshatib ishladi.
“Derazadan yana yarim metrcha nariroq yursangiz, xuddi bino tashqarisiga chiqqandek bo’lasiz. Atrofingizni ko’rasiz. 40, 50 yoki 60-qavatdan ajoyib manzara ochiladi. Nyu-Yorkda bunday manzara hech qayerda yo’q,” - deydi Geri.
Imoratning nafaqat tashqi, balki ichki dizaynini ham Gerining o’zi yaratgan, deydi Finn.
Katta va keng xonalar, zamonaviy oshxonalar. Binoda shuningdek fitness markazi, bilyardxona, golf o’ynash uchun joy bor. Hatto kinoteatr va basseynlar…
Xo’sh, bu yerdagi kvartiralarni ijaraga olayotganlar kim?
New York Times gazetasi bu bahaybat po’lat binoni “so’nggi 46 yilda Nyu-York shahrida qurilgan eng go’zal osmono’par imorat” deya atadi.