Nyu-Yorkda hujjatsiz muhojirlar ko'rgazmasi ochildi

  • Amerika Ovozi

Texasdagi AQSh-Meksika chegarasi

Nyu-York shahrida hujjatsiz muhojirlarga bag'ishlangan ko'rgazma ochildi. Meksikadan AQShga kirish chegarasida tashlab ketilgan buyumlar namoyishga qo'yilgan. Ko'rgazma Michigan universitetining "Hujjatsiz migratsiya" loyihasi doirasida tashkil etildi.

Hujjatsiz muhojirlarga tegishli buyumlar...

Meksika chegarasidan AQShga kirib kelgan ko'plab odamlar Arizonaning Sonora cho'lida sumkalarini tashlab ketgan. 2001-yildan beri 2500 atrofida odam jasadi ham topilgan. Ko'rgazmada migratsiyaning ana shunday og'ir haqiqati aks etgan.

"Bu ryukzaklarning har biri chegarani kesib o'tgan bir odamga tegishli. Ayrimlari kesib o'tishga muvaffaq bo'lgan, ayrimlari esa yo'q. Orqada qolgan narsalar, bu migrantlarning buyumlari bizni qiziqtiradi", - deydi ko'rgazma tashkilotchilaridan biri Richard Barnes.

Ko'rgazmaga hujjatsiz muhojirlar kesib o'tadigan chegara hududidan topilgan hamyonlar, tish cho'tkalari, hatto rasmlar ham qo'yilgan.

"Yoritilgan burchaklar ham bor. Ularning har birida odam o'lishidan oldin o'zi bilan olib yurgan so'nggi buyumlar aks etgan. Ularning har biri migrantlarning shaxsini ifodalaydi. Tuson shahrida o'lgan odamlarning jasadini va buyumlarini yig'adigan tashkilot bor. Ular qarindoshlarini ham topishga harakat qilishadi. Loyihaning bir qismi aslida shu haqda", - deydi Barnes.

"O'lim vodiysidasiz go'yo. Ikki dunyo orasida. Migrantlar shunday holatdan o'tadi. Meksika va Amerika o'rtasida arosatda bo'lishadi. Yo'qlik olami, desa ham bo'ladi", - deydi u.

Ko'rgazma nomi ham shunga ishora qiladi: Arosat olami.