Ayg’oqchilik oson ish emas. Bunda inson nafaqat noyob ko’nikmalarni o’zlashtirishi, balki asbob-uskunalar, zamonaviy texnika bilan ishlashda ham mohir bo’lishi kerak. Nyu-York shahrida ochilgan yangi muzey maxfiy josuslik ortida turgan mahorat va ko’nikmalarni oddiy tomoshabinga ochib beradi. Bu esa shpionlik kasbini egallamoqchi bo’lganlarga ayni muddao. Qiziqqanlarga bu kasb ularga qanchalik mos kelishi yoki kelmasligini oldindan kashf qilish imkonini beradi.
"Spayskeyp" muzeyining maqsadi josuslik kasbi mahoratlarini ko’rsatish. Muzeyga kelganlar nafaqat tomosha qilishi, interaktiv loyihalarda qatnashib o’zini ayg’oqchi sifatida sinab ko’rishi mumkin.
“Ayg’oqchilik mahorati haqiqatni aniqlash, so’roq qilish, lazer tunellardan o’tishdan iborat va tezlik muhim. Jarayonni maqsadli sayohat desa ham bo’ladi. Shaxsingizni tasdiqlovchi tasma beramiz. Shu orqali ko’rgazma zallarida yurib, ayg’oqchi rolida o’zingizni sinab ko’rasiz. Bunda xafv-xatarga chidamlilik, zakovat darajasi, shaxsiyatingiz, mahoratingizga qarab, qay darajadagi ayg’oqchi bo’lishingiz mumkinligini aytamiz”,- deydi muzey xodimi Shelbi Pricherd.
Muzeyda yettita ko’rgazma zali bor. Ko'rgazmaga Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniya harbiylari qo’llagan "Enigma" shifrlash mashinkasi ham qo'yilgan. Yoki "Anonimus" global xakerlar guruhi kiygan niqoblar. Ba'zilariga guruh a'zolarining kodlangan nomlari tushirilgan.
Kuzatuvlarga bag'ishlangan zaldagi eksponatlardan biri Pulitser sovrinini olgan “Qullardan dengiz mahsulotlari” hikoyasidan namunalar berilgan. Unda janubi-sharqiy osiyolik qullar tutgan baliqlar amerikaliklar dasturxoniga qanday kelib qolishi yoritilgan.
"Assoshieytid Press" axborot agentligi bu voqeani yoritish jarayonida qullikka majburlangan odamlar tutgan baliqlar joylangan yuk kemasini kuzatish uchun sun’iy yo’ldoshdan foydalangan.
“Ko’rgazmalar mavzusi bugungi kunga bog’langan. Masalan, shifrlash zalida Ikkinchi jahon urushi davrida shifrlarni buzish haqida ma'lumot beriladi. So'ng buning bugungi zamonga ahamiyati qanday ekanini tushuntiramiz. Masalan, yozishmani shifrlovchi “WhatsApp” applikatsiyasini olaylik. Har bir kodga kalit topish mumkinligini bilamiz. Vaqt o’tishi bilan kimdir “WhatsApp” kodini ham buzadi”, - deydi muzey xodimi.