Dovuldan keyingi Nyu-York

  • Amerika Ovozi

Nyu-York

Sendi dovuli Nyu-York tarixidagi eng kuchli tabiiy ofatlardan bo’ldi. Shaharga katta zarar yetdi. Binolarni suv bosti, transport to’xtadi, xonadonlar elektr quvvatisiz qoldi. Shahar asta-sekin tiklanar ekan, minglab odamlar hamon boshpanasiz. Dovul Nyu-Yorkning eng yirik industriyasi - turizm uchun ham jiddiy zarba bo’ldi.

Nyu-Yorkka yiliga 50 milliondan oshiq sayyoh keladi. O’ynab-kuladi, shaharni maza qilib tomosha qiladi. Bu esa xazina uchun 55 milliard dollar foyda degani.

Biroq Sendi dovuli mehmonlarning ko’ngliga g’ulg’ula soldi.

“Bu yerga kelishni anchadan beri rejalab yurgan edik. Dovulga qaramay, tavakkal qilib safarga chiqaverdik,” - deydi sayyohlardan biri.

Nyu-Yorkda mehmonlar uchun qiziqarli joylar ko’p, jumladan, Brodvey teatrlari. Yiliga bir milliard dollarga teng chipta sotiladi.

“Sendi” tufayli teatrlar uch kun yo’piq turdi - tarixdagi eng uzun tanaffus.

Sanoat 8 million dollar ziyon ko’rdi.

Brodveyda chiroq bo’lmasa, butun Nyu-York qorong’i tuyuladi, deydi “Brodvey Ligasi” nomli kasaba uyushmasi prezidenti Sharlott Sent-Martin:

“Tomosha davom etsin” degan qo’shiqni eshitganmisiz? Bu shunchaki bir gap emas. Brodveyda ishlaydigan har bir odam uchun shior bu. Chipta sotuvchisi bo’ladimi u, aktyor yoki prodyuser, sahnadagi projektorlar yondi deguncha, hamma ishni boshlashga tayyor, mas’uliyatni sezadi”.

Manxetten Tijorat palatasi prezidenti Nensi Pleyger dovul paytida shaharda sayyohlar qiynalganini e’tirof etadi. Asablar tarang edi.

“Hammayoq yopiq, do’konga kirib yoki boshqa joyni tomosha qilib bo’lmaydi. Ko’pchilik mehmonxonasidan chiqolmay o’tirdi. Faqat yaqinidagi restoranga obvqatlanishga bora oldi, xolos. Loaqal parklarda sayr qilolmadi”.

Turistlarning askariyati odatda Manxetten oroli atrofida kemada sayohat qiladi. Dovul paytida kemalarga ziyon yetmagan bo’lsada, pirs suv ostida qoldi, deydi Jeyson Xekett.

“Kemalar bog’lab qo’yiladigan joy, pirsni ikki yarim metr suv bosdi. Elektr tizimi, kompyuterlarimiz – hammasi ishdan chiqdi. Ularni qayta tiklashga bir necha kun ketdi. Keyin kemalarni yana ishga tushirdik”.

Kemalar yana qatnay boshlagan kun shaharning mashhur joylarini ko’rish uchun 1200 odam tashrif buyurdi.

“Nyu-Yorkka sayohatni odam orziqib kutgan edi. Dahshatli tajriba bo’ldi, lekin taslim bo’lmadik. Amerika mo’jizaning o’zginasi. Hamisha qayta oyoqqa turadi. Nyu-York eng zo’ri!" - deydi Gloriya ismli bir turist.

Biroq shaharda sayyohlar ko’ziga ko’rinmaydigan hayot ham bor. Minglab odam dovul asoratlaridan hamon azobda. Chiroqsiz yashayotganlar kammi? Qish yaqinlab qoldi, odamlar esa boshpanasiz.

Lekin hayot davom etaveradi. Nyu-York o’zi shunaqa. Kurash, yashash uchun xohish hamisha ustun kelgan bu shaharda.