Yangi Zelandiyada ikki masjidga qilingan hujumda kamida 49 odam o’lgan, 50 nafari yaralangan. Terrorchi qo’lga tushgan. Asli avstraliyalik 28 yashar Brenton Tarrantning mashinasidan bir nechta qurol chiqqan.
Voqea Kraystcherch (Christchurch) shahrida sodir bo’lgan. Xuruj paytida masjidlarda jami 300 ga yaqin musulmon ibodat qilayotgani ma’lum.
Yangi Zelandiya politsiya komissari Mayk Bushning aytishicha, Tarrantdan tashqari yana uch odam hibsga olingan.
Bu odamlar o’tmishi haqida na Yangi Zelandiya, na Avstraliya politsiyasida ma’lumot borligi aytilmoqda.
Yangi Zelandiya Bosh vazirasi Jasinda Ardernning aytishicha, qurbonlar va jabrdiydalarning aksariyati muhojir va qochqin bo’lishi mumkin.
"Ularga qarshi qurol ko’targan odamlarga, bunday vahshiylikka Yangi Zelandiyada o’rin yo’q", - dedi u.
Al-Nur masjidining sobiq rahbari Muhammad Jamaning aytishicha, u Tarrant bilan yuzlashgan, so’ng qurolini ko’rib qochgan.
Xuruj paytida masjidlarning birida kriket bo’yicha Bangladesh jamoasi a’zolari ham bo’lgan, biroq ular qochishga muvaffaq bo’lgan.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi Zelandiya rahbariyati, jabrdiydalar va qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirishdi.
"Qo'shma Shtatlar bu jirkanch xurujni qoralaydi", - dedi Pompeo.
Oq uy ham shu mazmunda bayonot chiqardi.