Fransiyaning Nitsa shahri hozir ancha sokin, 84 kishi hayoti boy berilgan ko'chani gullar va turli esdalik buyumlari, maktublar egallagan.
Ammo 17-iyul kuni bir muddatga bu yerda jimlik buzildi. Bir guruh fuqarolar tinch namoyishga to'plandi. Ularning qo'lida "Fuqarolarni qurollantiring" yozuvli plakat bor edi. Bu esa ko'pchilikda norozilik uyg'otdi.
O'ng qanot siyosiy guruhlar qarashini aks ettiruvchi bunday namoyishlar Fransiya jamiyatida bo'linish kuchayib borayotganini ko'rsatadi. Musulmonlarga qarshi salbiy kayfiyat o'sayotganidan ko'pchilik xavotirda.
Nitsa shahri aholisining 40 foizga yaqini musulmon. Mamlakat jami fuqarolarining esa sakkiz foizi Islom diniga e'tiqod qiladi.
Zo'ravonlikka undovchi namoyish tez orada to'xtatildi, ammo ularni yoqlaydiganlar oddiy fuqarolar orasida kam emas. Mari Sofi Het ismli nafaqaxo'r muammolarda ochiqchasiga musulmonlarni ayblaydi.
"To'g'ri, odamlarni qurollantirish kerak, - deydi u. - Biz insonlarmiz. Bulardan to'yib ketdik".
Kimga qarshi qurollanish kerak?
Shaharning bir qismida, asosan, muhojirlar va musulmonlar istiqomat qiladi. Har safar biror xuruj sodir bo'lganda, hamma bizga qo'lini bigiz qiladi, deydi bu yerda yashovchilar. Ular vaziyat kundan kunga yomonlashib borayotganidan xavotirda.
"Bu yerda arablarga nima bo'lishini hech kim bilmaydi. Ular bizga xuddi yuk mashinasini haydagan odamni ko'rgandek qarashyapti", - deydi asli tunislik Bel Haj.
O'tgan yarim yil ichida Fransiyada yuz bergan terror xurujlarida 240 ga yaqin odam halok bo'ldi.
15 yildan beri Fransiyada yashovchi Ibrohim telefonini ochib bir video ko'rsatadi: unda bir erkak kishi kasalxona tashqarisida yig'lab o'tiribdi. Ibrohimning aytishicha, tunislik bu odam xurujda rafiqasi va o'g'lidan judo bo'lgan.
"Biz jabrlanganlarga hamdardmiz, - deydi u. - Islom barcha terrorchilarga qarshi".
Xurujni amalga oshirgan shaxsning dindor bo'lmagani aytilmoqda. Politsiya o'qidan o'lgan bu yigit ilgari mayda o'g'ri va bezori bo'lgan.
"Islomiy davlat" jangari to'dasi allaqachon uni o'z odami sifatida e'lon qildi.
"U ahmoq odam edi, - deydi asli tunislik, Fransiyada sakkiz yildan beri yashayotgan 25 yoshli Qusay. - "Islomiy davlat" jangarisi bo'lmagan. U hech kim edi".
Millatchilik kayfiyati o'smoqda
Ayni paytda mamlakatning bu qismida yashash musulmonlar va muhojirlar uchun qiyinlashib bormoqda. Chunki Fransiyani kelgindilar va dushmanlardan tozalashga chaqiriqlar tez-tez quloqqa chalinmoqda.
2017-yilgi saylovlar yaqinlashar ekan, musulmonlarga va muhojirlarga qarshi Milliy front yetakchisi Marin Le Pen immigrantlarga qarshi urush e'lon qilishga undadi.
"Islomiy fundamentalizm gazandalariga qarshi urush hali boshlanmadi. Uni zudlik bilan e'lon qilish kerak", - dedi u.