Bugun AQShda 2001-yil 11-sentabr terror xurujlari xotirlanmoqda. Prezident Donald Tramp voqeaning 16 yilligi munosabati bilan Oq uydagi marosimda qatnashdi. U ilk samolyot Nyu-Yorkda osmono’par binoga urilgan vaqt 8:40 da bir daqiqalik sukut saqladi. Ikkinchi samolyot Jahon savdo markaziga 23 daqiqadan so’ng urilgan edi. Har ikkisi qulab, salkam 3000 odam o’lgan.
Tramp Pentagondagi xotira marosimida ham qatnashdi. O’sha kuni Mudofaa vazirligiga ham bir samolyot urilgan. Yana biri esa Pensilvaniyaning Shenksvil shahrida qulagan. U yerga Vitse-prezident Mayk Pens bordi.
Jahon savdo markazi qulagan joyda hozir "Ozodlik minorasi" - yangi osmono'par bino qad ko'tarmoqda. Bugun u yerda 11-sentabrda nobud bo'lgan har bir odamning ismi o'qib eshittirildi.