Tinchlik uchun Nobel mukofotini bu yili kim oladi?

  • Amerika Ovozi

7-oktabr kuni Tinchlik uchun Nobel mukofotining navbatdagi laureati aniqlanadi. Asosiy da’vogarlar ikkita – Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va shvetsiyalik atrof-muhit muhofazachisi Greta Tunberg.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 30-sentabr, 2022-yil

Nobel qo’mitasi qay bir mavzuni ustun qo’yarkan – Ukrainadagi urushnimi yoki iqlim o’zgarishini?

Bukmekerlar sovrin Zelenskiyga tegishiga amin. Biroq o’tmishda qo’mita kutilmagan qarorlar ham e’lon qilgan.

Bu yilgi mukofotga 343 ta da’vogar bor - 251 shaxs va 92 ta tashkilot. Rim papasi Fransisk, Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti, Belarus muxolifati lideri Svetlana Tixanovskaya, “Vikiliks” asoschisi Julian Assanj, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy, NATO tashkiloti shular jumlasidan. Biroq bu norasmiy ma’lumot. Nobel qo’mitasi qoidasiga ko’ra, nomzodlar ro’yxati 50 yil davomida sir tutiladi.

O’tgan yili Nobel mukofotini korrupsiyani fosh qilishda jonbozlik ko’rsatgan filippinlik va rossiyalik jurnalistlar Mariya Ressa va Dmitriy Muratov qo’lga kiritgan.

Ukrainada tinchlik qaror topmagan bo’lsa-da, Zelenskiy Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’lishi mumkin. Bunday qarama-qarshiliklar Nobel qo’mitasi uchun yangilik emas.

Masalan, 2008-yilda AQShda prezidentlikka kelgan Barak Obama 9 oydan so’ng Nobel mukofotining sohibi deb topildi, biroq tanqidchilarga ko’ra, u mukofotga sazovor bo’lish uchun yetarlicha vaqt prezidentlik qilmagan, tinchlik yo’lida jiddiy yutuqlarga erishmagan.

Tinchlik yo’lidagi xizmatlari uchun nufuzli mukofotga loyiq deb topilgan insonlar doim ham umidlarni oqlamagan. 1991-yilgi birmalik sovrindor Au San Su Chi demokratiya va inson huquqlari yo’lidagi nozo’ravon kurashi uchun taqdirlangan. Biroq yillar o’tib hokimiyatga kelgan arbob besh yil oldin roxinjalik musulmonlarga qarshi qatliomni to’xtata olmaganli uchun tanqidga uchradi.

Yoki 2019-yilda tinchlik va xalqaro hamkorlik yo’lidagi xizmatlari uchun Nobel mukofoti laureati bo’lgan Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmadni olaylik. U bir yil o’tib Tigray mintaqasida mahalliy isyonchilarga qarshi harbiy harakatlar boshlab, Nobel qo’mitasi afsusiga sabab bo’ldi.