Rossiyada chiqadigan “Novaya gazeta” ro’znomasining bosh muharriri Dmitriy Muratov Tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq deb topildi. Bungacha uning faqat bir vatandoshi bunday sharafga muyassar bo’lgan – SSSRning birinchi va so’nggi prezidenti Mixail Gorbachev 31 yil oldin Tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Eng qizig’i, Gorbachev Nobel mukofotiga biriktirilgan pulning bir qismini gazetani ochishga ajratgan. Ayni damda u gazeta hissalarining 10 foiziga egalik qiladi.
Muratov “Novaya gazeta”ning asoschisi hamdir. Bu yili nufuzli mukofotga filippinlik huquq himoyachisi va jurnalist Mariya Ressa ham sazovor bo’ldi.
"Bu ikki shaxs demokratiya va matbuot erkinligiga dushmanlik kuchayayotgan muhitda o’z ideallarini himoya qila oldi”, deyiladi Nobel qo’mitasi press-relizida.
“Novaya gazeta” eng boshidan Rossiyada korrupsiya holatlari, politsiya zulmi, noqonuniy hibsga olishlar, saylovdagi soxtalashtirish hollari, Rossiya harbiylarining mamlakatda va xorijda qo’llanilishi haqida tanqidiy maqolalar yozgani aytiladi.
Gazeta 1993-yilda ish boshlaganidan beri uning olti jurnalisti o’ldirilgan, jumladan Chechenistondagi urush haqida yozgan Anna Politkovskaya. Qotillikdan 15 yil o’tib, uning buyurtmachilari hanuz topilmagan.
Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlni tanqid qiluvchi laureatni sovrin bilan tabrikladi.
"Dmitriy Muratovni tabriklaymiz. U o’z ideallarini ro’yobga chiqarishda izchil ish olib bormoqda, ularga sodiqdir, iste’dodli, dovyurak”, - dedi Peskov.
59 yashar Muratov sovrinni gazetaning halok bo’lgan barcha jurnalistlariga bag’ishlashini aytib, mukofot pulining bir qismini og’ir va kam uchraydigan kasalliklarga chalingan bolalarga yordam beruvchi “Yaxshilik doirasi” jamg’armasiga o’tkazmoqchi.
Mariya Ressa 58 yoshda, bir necha yil CNN telekompaniyasida ishlab, 2012-yilda Filippinda surishtiruv jurnalistikasi bilan shug’ullanuvchi media kompaniyaga asos solgan.
Nobel mukofoti sovrindorlarga 10-dekabr kuni, mukofotni 1895-yilgi vasiyati orqali ta’sis etgan shvetsiyalik sanoatchi Alfred Nobelning vafot etgan kunida topshiriladi.