Nodira Qodirova oilasining sobiq advokati adolat qaror topishiga ishonmayapti

Nodira Qodirova

Anqarada iste’fodagi general Shirin Unalning uyida hayotdan ko’z yumgan o‘zbekistonlik Nodira Qodirova bilan bog‘liq hodisa ko’plab gumon va shubhalarga sabab bo’lmoqda. General uning uyida xasta rafiqasiga qaragan qiz o’zini o’ldirgan desa, marhumaning oilasi va uni taniganlar Nodira o‘z joniga qasd qilganiga ishonmaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Nodira Qodirova oilasining sobiq advokati adolat qaror topishiga ishonmayapti

Xo’sh, 23 yoshli Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qildimi yoki o‘ldirildimi?..

Oxirgi uch haftadan beri Turkiyadagi ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarning turk segmentida ana shu savol bot-bot takrorlanyapti. Bu hodisa yopti-yopti bo‘lishi, turk sud tizimining adolatli emasligi haqida gap-so‘zlar yangray boshlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Nodira Qodirovaning qanday o‘lganini aniqlashtirishni talabi qiluvchi kampaniya boshlangan. Ana shu vaziyatda Anqara prokuraturasi bayonot bilan chiqishga majbur bo‘ldi. Unda aytilishicha, ushbu ish bo‘yicha barcha harakatlar qonun doirasida olib borilmoqda; hodisa joyida barcha kerakli tekshiruvlar o‘tkazilgan, jasad yorilib tekshirilgan; iste’fodagi general, ayni paytda Turkiya parlamenti deputati Shirin Unal va hodisa paytida uyda bo‘lganlardan barmoq izlari va zarur namunalar, surtmalar olingan.

Bayonotda, shuningdek, dalillar Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qilganini ko‘rsatayotgani, marhuma “Berretta” to‘pponchasidan otilgan o‘qning ko‘krak qismiga tegishi oqibatida vafot etgani bildirilgan.

26-sentabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham bayonot tarqatib, Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyat nazoratga olinganini, konsullik-huquqiy masalalar hal qilinganidan va zarur hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng marhumaning jasadi 25-sentabr kuni vatanga yuborilganini ma’lum qildi.

O’zbekistonning Turkiyadagi elchixonasiga yaqin manbaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, O‘zbekiston tomoni chindan ham kerakli rasmiyatchiliklarni amalga oshirgan. Biroq u Nodira Qodirovaning ishi oxirigacha nazorat qilinishiga shubha bildirdi.

“Buning uchun samarali tizim mavjud emas deb o‘ylayman. Mana, oxirgi paytda Qozog‘istonda vafot etgan yurtdoshlarimizni eslang. Ularning ishi bo‘yicha qanday natija bo‘lgani aytilmadi ham. Qodirovaning ishi ham esdan chiqib ketsa kerak. Lekin bu voqea O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga ta’sir qilmaydi, unaqa ta’sir ko‘rsatadigan ish emas”, - deydi manba.

Shubhalar qanchalik asosli?

Mujda Tozbey Erden, oilaning sobiq advokati

Mujda Tozbey Erden 6-oktabrga qadar Nodira Qodirova oilasiga advokatlik qilayotgan edi. Ammo u o‘zining va oilaning qarashlari to‘g‘ri kelmagani tufayli ishni topshirganini ma’lum qidi.

“Tafsilotlarini aytolmayman”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda – “Umuman olganda, kimning advokat bo‘lishi muhim emas. Men bo‘lmasam, boshqasi bo‘ladi. Asosiy e’tiborni advokatning kim ekaniga emas, hodisaning o‘ziga qarataylik”.

Advokat Erden jamoatchilik orasida Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq tarqalgan shubhalarda asos borligini aytadi:

“Turkiyada kimdir o‘z joniga qasd qilsa, bizdagi mavjud qonun-qoidaga ko‘ra suitsid hodisasi chindan ham bo‘lib-bo‘lmagani tekshiriladi. Agar o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, bunga turtki bergan omillar aniqlanadi. Ammo bu hodisada bular tekshirilmadi. Bundan tashqari, Turkiyada avtopsiya (jasadni yorish) xulosasi chiqishi besh-olti oygacha cho‘zilib ketadi. Lekin Qodirovaniki ikki kunda keldi: dushanba kuni u o‘zini o‘ldirgani aytilgan bo‘lsa, chorshanba kuni jasadi O‘zbekistonga jo‘natildi. Albatta, bular bizda shubha uyg’otdi. Bundan tashqari, Nodiraning dugonasi ko‘rsatma bergan. Voqeadan bir kun oldin Nodira unga qo‘ng‘iroq qilib, deputat Shirin Unal uni orqasidan quchoqlaganini aytib yig‘lagan. Shunday ekan, jinsiy tajovuz gumoni ham tekshirilishi kerak edi”, - deydi yurist ayol.

Advokat Erden marhumaning jasadi O‘zbekistonga olib borilgunga qadar akasi Muhammadaliga ko‘rsatilmaganini, “kafani buziladi, jasadni dorilaganmiz” kabi bahonalar aytilganini, bu ham shubhaga sabab bo‘lganini bildirdi.

Mujda Tozbey Erden 17 yildan beri advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganini ta’kidlar ekan, Nodira Qodirova bilan bog‘liq ish adolatli yakun topishiga ishonmasligini aytdi. Bunga sabab tariqasida surishtiruv eng boshidan kerakli shaklda va adolatli tarzda olib borilmaganini bildirdi.

Advokat Turkiyada hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasining a’zosi bo’lmish Shirin Unalga noqonuniy ishchi (ya’ni Nodira Qodirovani) yollagani uchun qonunga muvofiq jarima solinmaganini ham aytdi.

“Nodiraning o‘limi – jiddiy imtihon”

Istanbulda ilmiy tadqiqot olib borayotgan Dilara Yunusning fikriga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Nodira Qodirovaning o‘limi xalqning davlatga nisbatan ishonchi uchun, qolaversa, xalqaro maydonda o‘zbek diplomatiyasi uchun jiddiy imtihon bo‘ldi. Mas’ullarimiz adolatni ta’minlashga harakat qilishi zarur, deydi u.

“Buni mahalliy rahbarlarimiz, Tashqi ishlar vazirligimiz juda yaxshi idrok qilyapti degan umiddaman. Oilaga dalda bo‘lib, haqiqatning yuzaga chiqishiga hissa qo‘shishadi degan umiddaman. So‘zimni Nodiraning oilasiga sabr-bardosh tilash bilan tugatmoqchiman, chunki ularga oson emas. Bir farzandni shu darajada o‘stirib, ne-ne umidlar bilan xorijga jo‘natib, bu tarzda yo’qotish juda og‘ir. Shuning uchun xalqimizga va Nodiraning dardini his qilayotgan hammaga sabr-bardosh tilayman”, - dedi olima.