AQShning Minnesota shtatida musulmon bo’lmagan maktab o’qituvchisi musulmon o’quvchilarni qo’llab-quvvatlash maqsadida Ramazon oyida ro’za tutdi. Velston xalqaro maktabi o’quvchilarining 40 foizini somalilik amerikaliklar tashkil etadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ijtimoiy fanlar o’qituvchisi Duglas Batlerning aytishicha, u ro’za tutish orqali o’quvchilar bilan munosabatlarini yaxshilamoqchi bo’lgan.
“O’quvchilarimga yaqin bo’lsam, ularni yaxshiroq tushuna boshlayman”, - deydi u.
Musulmon bo’lmagan odam uchun ro’za tutish oson emas. Batler qaylig’i uchun taom pishirganida u bilan ovqatlanmay, yeyishini tomosha qilish azob ekanini aytadi.
“Birga yashaymiz, ammo u ro’za tutgani yo’q. Men pishirgan ovqatni tanovvul qilganida kutib o’tiraman. Iftor vaqtini kutaman. O’quvchilarim uchun qilaman buni”, - deydi muallim.
Quyosh botishi bilan Batler og’izni o’quvchilari bilan birga ochadi. Ro’za tutishning eng qiyin tomoni suvsiz yurish, deydi u.
“Charchab turganimda qahva icholmayman. Ertalab maktabga kelganda ham shu ahvol”, - deydi u.
Batlerning o’quvchilari muallimning ro’za tutish qaroridan mamnun va minnatdor.
“Musulmon bo’lmay turib ro’za tutyapti. Muallimlikni ham tashlab qo’ygani yo’q, ehtiyoj bo’lganda yordamini ayamaydi”, - deydi Kayf Muhammad Abdi ismli o’quvchi qiz.