Yaqin Sharqda avjga chiqayotgan namoyishlar va buning oqibatida yuzaga kelayotgan yangi siyosiy voqeliklar hayotini nozo'ravon protestlarni tadqiq qilishga bag'ishlagan va bunga doir ko'plab qo'llanmalar tayyorlagan mutaxassis Jin Sharp ijodiga yangidan nazar tashlashga da'vat etadi. Ilmiy ishlari bilan ko'plab mamlakatlarda dissidentlarni ruhlantirgan olim hozir 83 yoshda.
Jin Sharpning ommaga tanish asarlaridan biri "Diktaturadan demokratiyagacha" deb nomlanadi. 24 tilga tarjima qilingan. Olimning aytishicha, Misrda prezident Husni Muborak tuzumining qulashida ikki omil muhim rol o'ynagan.
Birinchisi - odamlar qo'rquvdan uyg'ondi. Ikkinchisi esa, deydi Sharp, xalq zo'ravonliklarga berilmadi.
"Boshqa mamlakatlarda bo'lgani kabi xalq to'satdan qo'zg'aldi, qo'rquvni unutdi. Sababini bilmaymanu, ammo odamlar zo'ravonlikka qo'l urmaslik kerakligini anglab yetdilar. Bu juda muhim edi", - deydi Jin Sharp.
Tahlilchining fikricha, hukumat repressiv bo'lsa, xalq o'ziga bo'lgan ishonchni yo'qotib, passiv bo'ladi, qo'rquv va sukutga cho'madi.
"Odamlar kichik muammo tufayli norozilik bildirib, dardlarini eshitishsa, muammo hal bo'lsagina, o'ziga ishonch tiklanadi, bundanda kattaroq ishlarni qoyillatishiga ishona boshlaydi. Misrliklar Tunisdagi voqealarni matbuotda o'rganib, ruhlandi. Boshqa mamlakatlarda esa odamlar ulardan o'rganmoqda", - deydi tahlilchi.
Jin Sharp yoshligidan nozo'ravon harakatlarni o'rgandi, ko'plab savollarga javob qidirib izlandi. Britaniyadagi mashhur Oksford universitetida doktorlikni yoqlagan. Dissertatsiyasi "Nozo'ravon harakat siyosati: Siyosiy kuchni nazorat etish" deb nomlanadi.
So'ng Sharp AQShda, Garvard universitetida izlanish olib bordi, bir necha ilmiy dargohlarda dars berdi. Uning nazarida nozo'ravon kurash diktaturaga qarshi eng samarali qurol bo'lib, demokratiya oliy maqsaddir.
"Men erkinlik va adolat kuchiga ishonaman. Odamlarda hayotini o'zi belgilashiga huquqi bo'lishi kerak deb hisoblayman. Diktaturadan esa nafratlanaman. Uning oldini olishning samarali yo'llarini topish, diktaturaga qarshi kurashish kerak", - deydi keksa olim.
Sharpning aytishicha, diktaturani qulatish juda muhim, ammo bu bilan barcha muammolar hal bo'lmaydi.
"Tuzum ag'darilgandan keyin ma'lum payt bo'shliq hosil bo'ladi. Bu judayam xavfli davr, davlat tizgini qo'ldan chiqqan, yangi diktator uchun yaxshi imkoniyat. Hokimiyatga kelish uchun ular ham ozodlik va demokratiya shiorlaridan keng foydalanadi", - deydi Jin Sharp.
Mutaxassis so'nggi 30 yildan beri jahon hamjamiyati diqqatini nozo'ravon kurash mohiyatiga qaratishga urinib keladi. Bir kun kelib, bunday harakat keng quloch yozishini bilar edim, deydi u.