Shimoliy Koreya qamoqxonasida 17 oy saqlanib ozod etilgan 22 yashar amerikalik talaba Otto Vombiyer o’tgan hafta Ogayo shtati kasalxonasida jon berdi. U bu mamlakatga safari chog‘ida tashviqot bitilgan plakatni o’g’irlashga uringanini sudda tan olgan edi.
Jeffri Faul ismli yana bir ogayolik ham Shimoliy Koreya qamoqxonasida o’tirib chiqdi. 2014-yilda u ham Vombayer kabi bu mamlakatga safar qilgan edi.
Marhum talabaning otasiga ko’ra, Xitoyda ishlayotgan sayyohlik agentliklari amerikaliklarni aldab, Shimoliy Koreyaga olib boradi.
"Shimoliy Koreyani xavfsiz joy deb reklama qilishadi", - deydi Fred Vombiyer.
Pxenyan amerikaliklarni ko’p marotaba hibsga olgan. Biroq Jeffri Faul uzoq joylarga sayohat qilishni yaxshi ko’raman, deydi.
U sayohat paytida tungi klub hojatxonasida koreys va ingliz tilida bitilgan injil kitobini qoldirib ketadi.
“Iso bizni Yaratganning ta’limotini dunyoning turli chekkalariga yetkazish kerak, deb o’rgatgan. Men aynan shunday qildim”, - deydi Faul.
Vombiyer kabi u ham Shimoliy Koreyani tark etmoqchi bo’lganida aeroportda ushlandi. Menga qo’pol muomala qilishmadi, injil haqida savollar berishdi, deydi Faul.
“Jismonan zarar berishmagan bo’lsa-da, ruhan holsizlana boshladim”, - deydi u.
Faulning murojaati bir necha bor mahalliy televideniye orqali dunyoga uzatildi.
“Ammo nima deyishimni ular menga yozib berardi, efirdan oldin ancha mashq qildirishardi”, - deydi sobiq mahbus.
Shvetsiya vositasi yordamida Faul yarim yillik tutqunlikdan so’ng 2014-yil oktabrida ozod etildi. Biroq Otto Vombiyerning omadi chopmadi. Shimoliy Koreya qamoqxonasida uning miyasi lat yedi. Faulning aytishicha, amerikaliklar bu mamlakatga borishdan oldin yaxshilab o’ylashi lozim.
“Bugungi siyosiy muhitda u yerga borish yaramaydi. Bu haqda odamlarga bot-bot aytaman”, - deydi u.
Ayni damda Shimoliy Koreya qamoqxonasida yana uch amerikalik saqlanmoqda.