Shimoliy Koreya rahbari Yangi yil tabrigida siyosat haqida gapirdi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un xalqqa Yangi yil tabrigi bilan murojaat qilmoqda, 1-yanvar, 2014-yil

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un ilk bor qatl etilgan tog’asini tilga oldi. Uning Yangi yil tabrigida aytishicha, hukumat ichidagi ayrim tozalashlardan so’ng mamlakat birligi yana kuchaydi.

Yosh rahbar, shuningdek, Janubiy Koreya bilan munosabatlar yaxshilanishiga umid qildi. Uning aytishicha, Seul va Vashington yarimorolda vaziyatni taranglashtirishga harakat qilmasligi kerak, aks holda yadroviy fojia yuz berishi mumkin.

Dekabr oyida Shimoliy Koreyada bir necha siyosiy arbob hibsga olinib, so’ng qatl etildi. Ular orasida davlat rahbarining tog’asi va ustozi Chan Son Txek ham bor edi. U hukumatda Kim Chen Undan keyin ikkinchi odam sifatida ko’rilar edi.

Janubiy Koreya razvedkasiga ko’ra, Channing ikki safdoshi ham o’limga mahkum etildi.

Televideniye orqali namoyish etilgan Yangi yil nutqida yosh dohiy hukmron partiya safidagi guruhbozlikka barham berilganini, partiya birligi tiklanganini aytdi.

Kim Chen Unning aytishicha, Koreya Ishchilar partiyasi kontrrevolyutsion unsurlarni fosh etib, ulardan o’z vaqtida qutuldi.

"Partiya va inqilobchilar safi yanada mustahkam bo’ldi", - dedi davlat rahbari.

Yosh dohiyning ammasi qatl etilgan Chan Son Txekning turmush o’rtog’i bo’lib, ular ikki yil oldin otasiz qolgan va rahbarlikni meros qilib olgan Kimga oyoqqa turishda yordam bergan edi. Biroq tog’aning siyosiy qudrati jiyanga tahdid bo’lib ko’rindi va Kim otasining safdoshlarini o’ziga sodiq yosh arboblar bilan almashtirishga qaror qildi. Channing xorijdagi konsulliklarda ishlayotgan maslakdoshlari birin-ketin mamlakatga chaqirib olindi. Rahbarning ammasi qatag’onga uchramadi.

30 ga hali chiqmagan Kim Chen Un dunyodagi eng yosh rahbar hisoblanadi.

Yangi yil ma’ruzasida Shimoliy Koreya rahbari janub bilan munosabatlar yaxshilanishiga umid qilib, rasmiy Seulni bu rishtalarga putur yetkazayotgan va ikki Koreyaning kelajakda birlashishiga g’ov bo’layotgan harakatlar va bayonotlardan o’zini tiyishga chaqirdi.

"O’tmish qanday bo’lganidan qat’i nazari ikki yurtning birlashishiga hissa qo’shayotgan hamma bilan hamkorlik qilishga tayyormiz", - dedi u.

Koreya Ikkinchi jahon urushidan so’ng kommunistik shimolga va kapitalistik janubga bo’lingan. Shimoliy Koreya asoschisi va birinchi prezidenti hozirgi rahbarning bobosi edi.

Kim Ir Sen Koreyani birlashtirish maqsadida 1950-yili janubga hujum qilib, Koreya urushini boshlab beradi. Shimolni Sovet Ittifoqi, janubni esa Qo’shma Shtatlar harbiy tomondan qo’llab-quvvatlaydi. Uch yillik urush sulh bilan yakunlanadi, ammo tinchlik bitimi imzolanmaydi. Ya’ni har ikki mamlakat nazariy jihatdan hali ham urush holatida.

Janubiy Koreyada 28 ming sonli AQSh qo’shini bo’lib, ular janub hujumga uchragudek bo’lsa, uni himoya qilishga shay turibdi.

Kim Chen Un amerikalik askarlarning yarimorolda bo’lishini olqishlamaydi hamda AQSh va Janubiy Koreyaning qo’shma harbiy mashqlarini shimolga qarshi urushga tayyorgarlik sifatida ko’radi. Unga ko’ra, mashg’ulot paytida kutilmagan kor-hol ro’y bersa, urush boshlanib ketishi mumkin.

"Agar yana bir urush boshlansa, yadroviy fojea yuz beradi. Amerika ham tahdid ostida bo’ladi", - deydi Kim Chen Un.

Janubiy Koreya rasmiylariga ko’ra, qo’shni davlatdagi siyosiy qatag’onlar yosh rahbarning boshqaruv usulidagi zaifliklarni ko’rsatib berdi. Seul yaqin oylarda Pxenyan kuchini ko’rsatish uchun harbiy provokatsiyaga qo’l urishi mumkin, deya ogohlantirmoqda.