AQSh rasmiylariga ko’ra, Vitse-prezident Mayk Pens oy boshida Shimoliy Koreya rasmiylari bilan uchrashishi kerak edi, biroq so’nggi daqiqada kommunistik davlat vakillari uchrashuvni bekor qilgan.
Uchrashuv Janubiy Koreyada Qishki Olimpiya o’yinlari ochilishidan bir kun o’tib bo’lishi kerak edi. Pens Pxyonchanda AQSh rasmiy delegatsiyasiga rahbarlik qilgan edi.
Kelishuvga ko’ra, vitse-prezident Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Unning singlisi Kim Yo Chen va yana bir rasmiy bilan ko’rishishi kerak edi. Kim Yo Chen akasining o’ng qo’lib bo’lib, hukumatining tashviqot va targ’ibot idorasini boshqaradi. Shimoliy Koreya rasmiylari Olimpiya o’yinlari ochilishi paytida Mayk Pensdan sal narida o’tirgan.
Uchrashuv nega bekor bo’lgani ma’lum emas. Xabarlarga qaraganda, Mayk Pens ochilish marosimidan oldin o’tkazilgan rasmiy ziyofat paytida shimoliy koreyalik rasmiylarni olqishlamagani, sal avvalroq esa Shimoliy Koreyadan qochgan sobiq rasmiylar bilan uchrashgani pxenyanlik mehmonlarga yoqmagan.
Shimoliy Koreya davlat matbuotiga ko’ra, Mayk Pens Olimpiada ochilishida bir jamoa bo’lib chiqqan Janubiy va Shimoliy Koreya sportchilarini olqishlashdan bosh tortib, hurmatsizlik qilgan. Pxenyan matbuotining taxmin qilishicha, ikki Koreya o’rtasidagi aloqalarning yaxshilanishi AQShga yoqmayapti.