Shimoliy Koreya Qishki Olimpiadaga delegatsiya yuborishga qaror qildi

  • Amerika Ovozi

Pxanmunjondagi uchrashuv paytida, 9-yanvar, 2018-yil

Shimoliy Koreya kelasi oy Janubiy Koreyada bo’ladigan Qishki Olimpiya o’yinlariga yuqori darajali delegatsiyasini yuborishi mumkin. Bu haqda Janubiy Koreya birlashish bo’yicha vazirining o’rinbosari so’zlagan.

Kecha ikki davlat vakillari betaraf hududda, demilitarizatsiya qilingan Pxanmunjon qishlog'ida 2015-yil dekabridan beri ilk bor yuzma-yuz gaplashgan.

“Shimoliy Koreya Pxyonchandagi musobaqalarga Milliy Olimpiya qo’mitasi a’zolari, sportchilar, muxlislar, san’at ustalari, jurnalistlardan iborat guruh borishi haqida bizga ma’lum qildi”, - deydi Chun Xe Sun.

Pxenyan aholisi seshanba kungi muloqotni ijobiy qarshiladi.

“Har bir koreys shimol va janub aloqalarining yaxshilanishini chin dildan xohlaydi. Bu juda muhim. Birlashish kerak. Bu yo’ldagi to’siqlarni olib tashlash kerak”, - dedi poytaxtliklardan biri.

Seulning bildirishicha, ikki mamlakat o’rtasida ilgari ishlagan harbiy aloqa kanali tiklangan. Janub rasmiylari uchrashuvda ikki mamlakat o’rtasidagi urush paytida bo’linib qolgan oilalarni qovushtirish aksiyasini jonlantirishni ham taklif etgan.