Pentagon: AQSh agentlari Shimoliy Koreyada maxfiy amaliyot o’tkazmadi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya harbiylari

Pentagon AQSh maxsus xizmati xodimlari parashyutda Shimoliy Koreyaga o’tib, josuslik qilib, yer osti harbiy inshootlari haqida ma’lumot to’plab yurgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.

Tokioda asoslangan “The Diplomat” jurnalining dushanba kungi sonida yozilishicha, amerikalik razvedkachi o’tgan hafta Florida shtatidagi anjumanda shu haqda so’zlagan.

AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jorj Littlning aytishicha, jurnalda general Nil Tollining so’zlari yanglish talqin qilingan.

“Bu mutlaqo asossiz ma’lumot”, - deydi u.

Qo’shma Shtatlar mintaqadagi ittifoqchilar bilan hamkorlikda kommunistik Shimoliy Koreyaning harbiy salohiyati borasida axborot jamlashga urinib keladi, deydi Littl.

Xususan, “The Diplomat” nashrida aytilishicha, AQSh va Janubiy Koreya sara harbiylari maxfiy amaliyotda qatnashib, Pxenyan Koreya urushi davrida qurgan minglab tunellar haqida ma’lumot izlamoqda.

Pentagon rasmiylari deydiki, bu tunellar borligi, Shimoliy Koreya ularda sirli harbiy amaliyotlar o’tkazishi aniq. Lekin parashyutda birovni hech yerga o’tkazgan emasmiz, deydi ular.

“The Diplomat” gazetasi muxbiri, maqola muallifi Deyvid Aks barcha ma’lumot va iqtiboslar aniq edi, deydi. General Tolli, deydi u, aniq, atroflicha ma’lumot berdi va uni bosmadan chiqardik.