Vashington va Seul Pxenyan Rossiyaga qo’shin yuborganidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Chorshanba kuni Vashingtonga borgan Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Yon Xon amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan uchrashib, Ukrainada jang qilish uchun Pxenyan Rossiyaga 10 mingga yaqin askar yo’llaganini xavotir bilan tilga oldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 31-oktabr, 2024-yil - AQSh: Pxenyan Rossiyaga qo’shin yuborganidan xavotirdamiz

“Putin Ukrainada ko’p, juda ko’p askar yo’qotgani uchun shunday qilyapti. U safarbarlik e’lon qilishi mumkin edi, ammo buni xohlamaydi, axir shunday bo’lgan taqdirda Rossiya xalqi talafotlar ko’lami kattaligini tushunib qoladi, shu sabab u boshqalardan yordam so’rayapti”, - deydi Ostin.

“Kim Chen Un o’z yoshlari va askarlarini zambarak uchun go’sht sifatida sotdi. Nazarimda, bunday harakatlar urush jinoyati bo’lib, insoniyatga, tinchlikka qarshidir”, - dedi Janubiy Koreya mudofaa vaziri.

AQSh shimoliy koreyalik askarlarning oz qismi Rossiyaning avgust oyida ukrain armiyasi kirgan Kursk oblastida ekanini da’vo qilmoqda.

“Agar Koreya Xalq Demokratik Respublikasi askarlari bu mojaroda rus qo’shinlari bilan birga jang qilayotgan va ukrainalik askarlarga hujum qilayotgan bo’lsa, ukrainaliklar o’zlarini mudofaa qilishga haqlidir va bu ishni biz va boshqalar ularga bergan qurollar bilan qilishadi”, - dedi Ostin.

Ayrim tahlilchilar nazarida, Pxenyan Rossiyaga yuborgan askarlar mojaro eskalatsiyasini anglatsa-da, Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati institutining tahlilchisi Anna Borshevskaya ularning safarbarligi rus armiyasini jiddiy kuchaytirmasligini aytadi.

Janubiy Koreya mudofaa vazirining taxmin qilishicha, Kreml Pxenyanning bunday yordami evaziga uni yadro qurollari va qit’alararo ballistik raketa texnologiyasi bilan ta’minlashi mumkin.

Ostin shimoliy koreyalik askarlarning urushga jalb etilishi mojaroning cho’zilishiga olib kelishini aytadi.

Janubiy Koreya shimollik askarlar Ukraina urushida foydali tajriba orttirishidan, zamonaviy urushda toblanishidan xavotir olar ekan, buni o’ziga to’g’ridan-to’g’ri tahdid deb ko’rmoqda.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya Shimoliy Koreya Rossiyaga qo’shin yuborganini inkor etdi, harbiy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik qonun doirasida ekanini aytdi.

“G’arbdagi hamkorlarimizning Rossiya va Shimoliy Koreya o’rtasidagi hamkorlik haqida aytgan gaplari haqiqat bo’lsa ham nega endi AQSh va uning ittifoqchilari Zelenskiy tuzumini harbiy va razvedka tarafidan qo’llashga huquqi borligi haqidagi egri mantiqni boshqalarga singdirshga harakat qilyapti?”, - dedi Nebenzya.

Shimoliy Koreya ballistik raketa texnologiyasini kuchaytirmoqda

Bu o'rtada Shimoliy Koreya payshanba kuni eng qudratli qit’alararo ballistik raketasini uchirganini ma’lum qildi.

Davlat matbuoti parvozni kuzatgan mamlakat rahbari Kim Chen Undan iqtibos keltirib, raketa sinovi Shimoliy Koreyada g’anim davlatlarga qarshi iroda yetarli ekanini ko’rsatishga qaratilgan harbiy chora ekanini aytgan.

AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya sinovni qoraladi. Seul Pxenyan Rossiyadan bunga doir texnologiiya olishi haqida ma’lum qildi.

Janubiy koreyalik tahlilchi Shin San Kining aytishicha, sinov paytida uchirilgan raketa oldingilaridan takomillashgan bo’lib, uni yaratishda Rossiya yordam bergan bo’lishi mumkin.

Seulga ko’ra, 87 daqiqalik parvoz bilan bu Pxenyanning eng uzoq uchgan ballistik raketasi bo’ldi. Ya’ni oldingi eng uzoq parvozdan 13 daqiqa ko’proq.

Yaponiya hukumati raketa salkam 7000 kilometr balandlikka chiqib, ming kilometrlik masofani bosib o’tganini, Yaponiya sohilidan 200 kilometr narida suvga tushganini ma’lum qildi.

Raketaning ballistik trayektoriya bilan uchishini hisobga olganda u hozirgi holatida AQShning Alyaska shtatigacha yetib borishi aytilmoqda.