Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaning 9-yanvar kuni oliy darajada muzokara o’tkazish taklifini qabul qildi. Muloqot ikki Koreyani ajratib turuvchi demilitarizatsiya qilingan Pxanmunjom qishlog’ida bo’lib o’tadi.
Janubiy Koreyaning ikki Koreyani birlashtirishga javob beruvchi vazirligining bildirishicha, uchrashuv chog’ida ikki tomonlama aloqalarni yaxshilash hamda sport bobida hamkorlik muhokama qilinadi.
“Shimol bilan aloqalarni yaxshilash bilan bir qatorda xalqaro hamjamiyat yordamida Shimoliy Koreyani yadrodan xoli mamlakatga aylantirish pozitsiyamizda qat’iymiz. Ayrim davlatlar, jumladan Qo’shma Shtatlar bilan maslahatlashuvdan so’ng Pxenyan bilan muloqot qilishga qaror qildik”, - deydi vazirlik vakili.
Delegatsiyalarga kim bosh bo’lishi hozircha ma’lum emas. Ikki mamlakat yaqinda tiklangan aloqa kanali orqali bu haqda bir-birini xabardor qiladi.
Qo’shma Shtatlar va Janubiy Koreya yillik qo’shma harbiy mashqlarini kechiktirishga qaror qilganidan so’ng Pxenyan muzokaralarda qatnashishga rozilik berdi.
Kelasi oy Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahri Qishki Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qiladi.