AQShda yadroviy hujumga qarshi hujumni buyurishda prezident mutlaq va bir tomonlama hokimiyatga ega, ammo davlat rahbarining birinchi bo’lib yadroviy hujumni boshlashni buyurishga vakolati yo’q. Bu haqda Pentagonning yuqori lavozimli rasmiylari Senatda o’tgan tinglovda ma’lum qildi.
Prezident Donald Tramp va Shimoliy Koreya rahbari bir-biriga qarshi achchiq so’zlar almashayotgan bir paytda qonunchilar prezidentning yadro hujumini buyurish vakolatini qayta ko’rib chiqmoqda.
Trampning hissiyotga tez berilishi ba’zi deputatlarni xavotirga solmoqda.
“Qo’shma Shtatlar prezidenti shu qadar beqaror, sabrsizki, yadro qurolini ishga solishni buyurishi mumkin, bu esa AQSh milliy xavfsizlik manfaatlariga tahdiddir”, - deydi demokrat-senator Kris Myorfi.
Boshqalar xavotirda emas.
“Saylovchilarimiz yadro qurollari ustidan nazoratni kimga topshirishni saylov kuni hal qiladi”, - deydi respublikachi senator Marko Rubio.
Tramp Shimoliy Koreya rahbarini bir necha bor kamsitib, Pxenyanga do’q-po’pisalar qilgan.
“Ular misli ko’rilmagan olov va qahrga uchraydi”, - degan edi Tramp.
“Men kabi ko’plab amerikaliklar prezidentning bunday quruq po’pisalari yadroviy haqiqatga aylanishidan xavotirda”, - deydi demokrat-senator Ed Marki.
Biroq AQSh Strategik qo’mondonligi sobiq qo’mondoni qonunchilarni yupatishga urindi.
"Yadro tizimini insonlar boshqaradi. Avtomatik ravishda ishlab ketmaydi”, - deydi general Robert Keler tinglovda.
Amerika atom hujumiga uchragan taqdirda prezident javob hujumiga buyruq berishi mumkin, ammo prezident birinchi bo’lib hujum qilishni buyurishi mumkinmi?
“Bu urush e’lon qilish degani, bunday vakolat faqat Kongressda bor”, - deydi mudofaa vazirining sobiq o’rinbosari Brayan Makeon.
“Bu yolg’iz prezidentning o’zidan chiqadigan qarormas. Ko’p sonli maslahatchilar, yuristlar o’tirib munozara qiladi avval”, - deydi Dyuk universitetidan Piter Fiver.
Shunga qaramay, demokratlar har ehtimolga qarshi yangi qonun loyihasi ustida ishlamoqda. Unga ko’ra, prezident birinchi yadroviy hujum uchun Kongressdan ruxsat so’rashi kerak bo’ladi.
Respublikachilar nazarida, bunday chora Amerikaning yadro qudratini ishga solish va yadroviy tahdidlarga javob berish jasoratini shubha ostiga qo’yadi.
“Bugungi tinglovda aytiladigan har bir so’z Pxenyanda tahlil qilinadi va ular Amerika xalqining bu masalaga munosabatini diqqat bilan o’rganadi”, - deydi respublikachi senator Jeyms Rish.
Ekspetlar ham shunday fikrda.
“O’zgarishlar yoki qarama-qarshi munosabat yadroviy hujumning oldini olish salohiyatimizni qiyinlashtirishi mumkin”, - deydi general Keler.
Prezidentning yadro hujumini buyurish vakolatining so’nggi bor Kongressda ko’rilganiga 40 yildan oshdi.