Atom qurollari dunyo xavfsizligiga hamon tahdid solmoqda

  • Amerika Ovozi

1945-yil 6-avgustida Qo’shma Shtatlar Yaponiyaning Xirosima shahriga atom bombasini tashlaganida dunyoda yadro qurollari davri boshlandi. Sovuq urush paytida bunday qurollar soni rekord ko’rsatkichga yetib, ular jahonning turli burchaklariga joylashtirildi. Yadro arsenalining eng kattasi ikki davlat hissasiga to’g’ri keladi – AQSh va Rossiya. Atom qurollari qanday saqlanmoqda, bu naqadar xavfsiz, umuman bunday qurollar insoniyatga kerakmi?

Shimoliy Dakota shtatining Kuperstaun shahri yaqinida yadro raketasini uchirish markazi joylashgan. Millionlab insonlarning taqdiri mana shu yerdagi moslamaning kalitini burashga mas’ul xodim qo’lida.

Kalit buralishi bilan yadro quroliga ega qit’alararo ballistik raketa nishon tomon ravona bo’ladi. Ortga qaytish yo’q. Manzilga yetgach, talofatlar va vayronagarchiliklarning cheki bo’lmaydi.

"Bu yerda ishlaydigan odamlar juda ham mas’uliyatli bo’ladi", - deydi Oskar Ziro (Oscar Zero) kompleksi xodimi Gven Xinman.

Majmua AQSh va Rossiya o’rtasida imzolangan Strategik qurollarni qisqartirish bitimi doirasida 1998-yilda faoliyatini to’xtatgan. Hozir bu joy Sovuq urush muzeyiga aylangan. Bu yerga keladigan odamlar maxsus sharoitlarda xizmat qilgan va hali ham qilayotgan xodimlarning hayoti bilan tanishish imkoniga ega.

“Mana bu moslama hali ham qo’llaniladi”, - deydi Xinman ulardan biriga ishora qilib.

Buning uchun apparat bir necha yuz kilometr naridagi markazga yetkaziladi, deydi u.

Yaqinda bunday yadro inshootlarida xavfsizlik choralarining bo’shashgani, ba’zi xodimlarning mas’uliyatni yo’qotgani va Sovuq urush tugaganidan beri asosiy vazifaga diqqatning yo’qolgani aniqlangach, AQSh qurolli kuchlarining qisqa vaqtga unutilgan bu qismlariga yana e’tibor jonlanmoqda.

“Bu juda ham murakkab sistemalar. Ularni odamlar boshqaradi, insonlar esa xato qiladi”, - deydi yadro qurollari xavfi haqida ogohlantirib shu mazmunda maqolalar chop etuvchi Yadro olimlari jurnali rahbari Kennet Benedikt.

Jurnal “Oxirat soati”ni tuzatib turadi. Bu dunyo atom ofatidan qanchalik uzoq ekanini ko’rsatuvchi soat. Uning millari yarim tunga yaqinlashgan sari xavfsizlik darajasi oshganini bilsa bo’ladi. Hozir “Oxirat soati” besh daqiqa kam yarim tunni ko’rsatmoqda. Bu urush ehtimolidan emas, shunchaki xavf-xatar darajasidan darak, deydi Benedikt.

“So’nggi 60-70 yilda Amerika arsenalida 1200 dan ortiq noxush voqea ro’y bergan”, - deydi u.

Joriy yil boshida AQSh harbiy-havo kuchlari uchirish shaxtasidan 50 ta yadro raketasini olgan. Hozir AQSh arsenalida yerdan uchirishga shay 400 ta qit’alararo ballistik raketa bor. Sovuq urush paytida ularning soni ancha ko’proq edi. Kennet Benediktning aytishicha, barcha raketalarni omborga joylash kerak.

“Bu va oldingi prezidentlardan raketalarni uchirish shaxtalaridan butunlay olib tashlashni so’rab kelamiz. Ular buyruqqa ko’ra 10 daqiqa ichida uchirilishga tayyor, ammo bunga sabab yo’q. AQSh va Rossiyadan boshqa hech kim shunday qilmaydi”, - deydi u.

Ikki davlat imzolagan bitim uchirilishga shay strategik yadro qurollari sonini har bir tomon uchun 700 gacha cheklaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Yadroviy qurollar xavfsizligi - Nuclear Missile Safety