Manxettenda zamonga mos, yangicha chuchvaraxona ishga tushdi

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-Yorkning Ist-Villij mahallasida xo’randalar avtomat yordamida chuchvara buyurtma qilish imkoniyatiga ega bo’ldi. Avtomatlarni fast-fud sohasiga qaytarish orqali nyu-yorklik mashhur restorator Stratis Morfogen yemakxonalarni kasodga uchrashdan saqlab qolmoqchi.

Nyu-York pandemiyadan chiqayotgan bir davrda “Meni avtomat ichidan top” shiori ostida ishlaydigan bu do’kon va restoranning ochilishini mijozlar qiziqish bilan qarshi oldi.

“Men bu joy haqida Instagram orqali xabar topdim. Bu xabar Instagramni portlatib yubordi, - deydi Jastin ismli mijoz. - Brooklyn dumpling shop” haqida o’qiganimdan keyin mana Ist-Villijdaman. O’ylaymanki, hozirgi paytda bu kabi xizmatlar juda ham foydali. Bu yerda sen odam bilan muloqot qilmasdan buyurtma qilasan va bu tizim ishlayapti. Restoran kim bilandir uchrashib gaplashishing uchun juda qulay, ovqatni esa kontaktsiz buyurtma qilish xizmati bu yerda yaxshi ishlayapti deb o’ylayman”.

Stratis Morfogen o’z restoranida issiqqina qovurilgan chuchvarani tatib ko’radi. Kunduzgi soat 12 da do’kon eshiklarini ochar ekan, kelgan mijozlariga bugundan yangi ta’mdagi bu chuchvaralarni ham taqdim qilishni ko’zlagan.

“Eksklyuziv lahzalar. Mana tovuq go’shtidan qilingan chuchvaramiz ham tayyor.

Har kuni men yangicha chuchvara tatib ko’raman. Ertaga esa men Provoloni salyamisi va yeryong’oq yog’i qo’shilganining ta’mini tekshirmoqchiman”, - deydi u.

Vaziyat yumshab shahar ochilishi bilan u o’zining avtomatlashtirilgan restoran konseptini ishga tushirdi.

“Bu konseptni 2019-yilda ishlab chiqqanman. Hamma ishlar COVID tarqalishidan ancha oldin tugatilgandi. Zamonga mos tushdi. Chunki bu hozir biz yashayotgan postkovid davrga juda kerakli bir g’oya”, - deya tushuntiradi Stratis Morfogen.

Uning “Meni avtomat ichidan top” shioriga asoslangan bu do’koni va restorani 19- iyundan boshlab kechayu-kunduz ishlash tartibiga o’tadi. Hozircha ular ishni peshindan yarim oqshomgacha davom ettiryapti.

“O’tmishdagi tajribamizga tayanib, biz restoranlarga avtomatlarni qaytara olishimizga men ishonaman. Hozirgi farq shundaki, zamonaviy texnologiyalarni qo’llaymiz. Texnologiyalarni deganda men buyurtma qilish jarayonini boshqarishni smartfon vositasida to’liq mijozlar qo’liga topshirishni nazarda tutyapman.

Buyurtma jarayoniga mening xodimlarim bilan gaplashmasdan buyurtma vaqtini belgilash, buyurtma to’lovini qilish va buyurtmani olib ketish kiradi. Smartfonni va avtomatni ishlatasiz, xolos. “Brooklyn Dumpling Shop”ga buyurtma qilish qayerda bo’lmasin, shunday kechadi”, - deydi nyu-yorklik mashhur restorator.

Do’konda hozirda ikki oshpaz va uning yordamchilari mijozlar buyurtmalarini o’z vaqtida tayyorlab berish bilan band.

Mijozlar restoran ichida o’rnatilgan displeylar orqali buyurtma va to’lovni amalga oshiryapti. “QR kod” esa shu yerda raqamlab qo’yilgan qutilarning kaliti vazifasini bajaradi.

“Men ushbu biznes modelim ustida ishlashni koronavirus tarqalishidan bir yil oldin boshlaganman. Hammasi tayyor bo’lganda COVID ustimizga keldi. COVID pallasida men bu modelga “UV Lights” (virus va mikroblarni zararsizlantiruvchi maxsus chiroqlar) hamda issiq va sovuq tutadigan qutilarnigina qo’shdim. 35 daraja sovuq va 150 daraja issiqda hech narsa qolmaydi. Faqatgina COVIDni nazarda tutmaslik kerak. Muhitimizda turli mikroblar, viruslar va har xil bakteriyalar ham bor. Mikrob va viruslar 45-100 daraja sovuqda yoki 150 darajadan yuqori issiqda nobud bo’ladi. Shunday ekan, bu biznes modelning kelajagi bor”, - deya ishonch bildiradi avtomatlashgan restoran va do’kon egasi.

Tabloda buyurtmangiz tayyor degan yozuv chiqishi ortidan “QR kod”ni yonib turgan qizil chiroqqa yaqinlashtirsangiz, quti eshigi ochiladi. Buyurtmangiz issiq ovqat bo’lsa qizil quti, sovuq bo’lsa ko’k quti ichda joylangan bo’ladi.

Avtomatlashtirish orqali tadbirkor restoranlarni kasodga uchrashdan ham saqlashni ko’zlagan.

“Biz texnologiyalarni ishlatib, ish joylarini asrab qolmoqchimiz. “Qanaqasiga? Axir bu yerda sotuvchilar bo’lmasa, xizmat ko’rsatuvchilar yo’q bo’lsa, siz xodimlarning yarmini ishlatayotgan bo’lsangiz; qanday qilib bunga erishmoqchisiz?’, - deyishingiz mumkin. To’g’ri. Lekin bir narsani unutmang, 10 tadan 7 ta restoran so’nggi uch yil davomida mehnat haqi xarajatlari balandligidan kasodga uchradi. Ishonamanki, texnologiyalardan foydalanib, biz mehnat haqi uchun ketayotgan xarajatlar miqdorini 25-30 foizdan 10-15 foizga tushira olamiz. Agarda biz ana shunga erishsak, ish joylari qisqarishini 18 foizgacha, aminmanki, hatto 14-15 foizgacha tushiramiz. Agarda ana shu maqsadimizga erishsak, biz restoran biznesida inqilob qilgan bo’lamiz”, - deya xulosa qiladi suhbatdosh.

“Brooklyn Dumpling Shop” do’koni to’liq ochilgach, onlayn buyurtmalar ham qabul qilinadi. Do’kon kuniga 24 soat ochiq bo’ladi. Buyurtmalar maxsus qutilarda saqlanishi bois egalari olib ketgunlaricha issiq yoki salqinligicha turaveradi.

Matbuot vakillari va blogerlar tiliga tushishi ortidan avtomatlashtirilgan bu restoran hozirdan ilg’or texnologiyalarga qiziquvchi shaharliklar va mehmonlar bilan gavjum.