Qo'shma Shtatlarda qo'lbola bomba yasab terror hujumlari sodir etishga uringanlikda ayblanayotgan nyu-yorklik ikki ayol hibsda va garov puli evaziga chiqishi mumkin emas. Ular payshanba kuni Kvins tumanida ushlangan.
Juma kuni esa Filadelfiya shahrida yana bir juvon "Islomiy davlat" terror guruhiga qo'shilishga harakat qilganlikda gumon qilinib ushlangan. 30 yoshli Keonna Tomas o'zini Fatayat al Xilafa deb ataydi, internetda esa "yosh sher" degan laqab bilan faoliyat olib borgan. Federal agentlar to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, u anchadan beri "Islomiy davlat" safiga kirish rejasida yurgan. Suriyadagi jangarilar bilan bevosita aloqa qilgan va o'zini qurbon qilishga tayyor bo'lgan, deya bildiradi AQSh Adliya vazirligi. Ayol Yevropaga uchish arafasida bo'lgan paytda hibsga olingan.
Nyu-Yorkda Noel Veletzas va Osiyo Siddiqiy kecha sud oldida ilk bor ko'rinish berdi. Ular "Islomiy davlat" to'dasiga xayrixohlikda va ommaviy qirg'in qurolini ishlatishni rejalaganlikda ayblanayapti.
Ayblov tomonining bildirishicha, ayollar, xususan, politsiyachilar, hukumat va harbiy inshootlarni nishonga olmoqchi bo'lgan. Xufiya agent Veletzas bilan aloqaga chiqqan, uning rejalarini surishtirib olgan.
28 yoshli Veletzas, masalan, odamlar nima uchun jangarilarga qo'shilish uchun xorijga jo'naydi deya ajablangan. Amerikaning o'zida hujumlar sodir etish mumkin ekanini ta'kidlagan.
Aybi isbotlansa, Siddiqiy va Veletzas umrbod qamoq jazosiga mahkum qilinishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5