2014-yildan keyin Afg'onistonda 9800 askar qoladi, AQShga bu 20 milliard dollarga tushadi

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama 25-may kuni Afg'onistonga borib, harbiylar bilan muloqot qilgan edi.

Bu yil oxiriga borib, Amerika Afg'onistonda jangovar harakatlarni yakunlaydi. 9800 askar qoladi. 2016-yilning oxirigacha ular ham chiqib ketadi. Prezident Barak Obama bugun Oq uydan shunday bayonot berdi.

"Urushlarni tugatish vaqti keldi. O'tgan 13 yil mobaynida tashqi siyosatimiz Afg'oniston va Iroqdagi mojarolar tashqi siyosatimizdagi asosiy masalalarga aylanib qoldi, bunga chek qo'yamiz",- deydi Obama.

Qolayotgan qo’shinlarga ikki vazifa yuklangan: afg’on harbiylarini tayyorlash va al-Qoidaga qarshi amaliyotlarda qo’llab-quvvatlash.

Ayni damda AQSh Afg'onistonda 32 ming qo'shinga ega. Ikki yil oldin u yerda 100 ming askar bor edi.

Urush 2001-yilning 11-sentabrida AQShda amalga oshirilgan terror xurujlari, 3000 ga yaqin amerikalik halok bo'lgan voqealar ketidan boshlangan edi.

Afg'oniston qurolli kuchlari oyoqqa turib, o'z vatanini terrorizmdan himoya qilishga qodir zobitlarga aylanar ekan, Amerika u yerdagi harbiylar sonini kamaytirib boradi.

"XXI asr urushlari shunday barham topadi: imzo chekish marosimlari bilan emas, dushmanga qattiq zarba berishni to'xtatmagan holda, vaziyatni nazorat qilishni demokratik hukumatlarga topshirib va mahalliy xavfsizlik tizimlari malakasini oshirib, tinchlik saqlash mas'uliyatini ularga yuklagan holda",- deya tushuntiradi Obama.

Prezident e'lon qilgan reja amaliyoti uchun Amerika kelasi ikki yilda 20 milliard dollar ajratishi kerak bo'ladi.

Oq uy qarorini Afg'onistonning yangi prezidenti ma'qullaydimi? Prezident kim bo'lishi hali aniq emas, lekin Amerika hokimiyatga kim kelsa ham, undan qat'iy so'z kutmoqda.

Prezidentlik kursini tark etishi kutilayotgan Hamid Karzay bilan aloqalar sovuq. Karzay AQSh bilan xavfsizlik bitimi imzolashni ma'qul topmagan. Bu yangi rahbarning vazifasi, deydi u. Amerika ham yangi prezident ishga tushishini kutmoqda.

Afg'onistonda prezident saylovlarining ikkinchi qismi 14-iyun kuni bo'lib o'tadi. Ikki nomzod qolgan: Abdulla Abdulla va Ashraf G'ani. Ularning har ikkisi Amerika bilan xavfsizlik bitimi tarafdori.

Qo'shma Shtatlar nazarida afg'on xalqi demokratik saylovlar o'tkazishga qodir ekanini isbotladi. Prezident tanlovi adolatli jarayon bo'ldi deya baholamoqda Obama.