Obama: Xitoy qo'shnilarni hurmat qilsin

  • Amerika Ovozi

Manilada Amerika va Filippin askarlari oldida so’zlagan Obama har qanday mojaro tinch yo’l bilan hal qilinishi kerak va do’q-po’pisaga o’rin yo’q, dedi.

Xitoy qo'shnilari bilan orol talashayotgan bir paytda Amerika regionga harbiy e'tiborini oshirayapti. Filippin, Yaponiya mudofaasi ustuvor masalalardan, deydi Obama.
Prezident Barak Obama Osiyo bo’ylab bir haftalik safarini yakunlar ekan, Xitoyni qo’shnilarni hurmat qilishga chaqirdi.

Manilada Amerika va Filippin askarlari oldida so’zlagan Obama har qanday mojaro tinch yo’l bilan hal qilinishi kerak va do’q-po’pisaga o’rin yo’q, dedi.

Xitoy va qo’shni mamlakatlar Sharqiy Xitoy dengizida tabiiy zaxiralarga boy orollar ustida qattiq tortishib keladi. Yaponiya va Filippin Xitoyni agressiyada, qo’shnilarni qo’rqitib hududlarni tortib olishga urinayotganlikda ayblaydi.

Obama Xitoyni bevosita tilga olmasa-da, xalqaro qonunlarni hurmat qilishga, davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini izzat qilishga undadi.

Kecha Vashington va Manila AQShning mintaqadagi harbiy ishtirokini oshirishga doir kelishuvlarni imzolagan. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar yangi bazalar ochmaydi, biroq hududga harbiylar, kemalar va jangovar samolyotlar qatnovi oshadi.

Oq uy rahbarining aytishicha, Amerika uchun Filippin mudofaasi ustuvor masalalardan. 1951-yilgi bitimga ko’ra, hujumga uchrasa, ikki davlat bir-birini himoya qiladi.

Mazkur yaqinlashuv Pekinning xatti-harakatiga javob sifatida ko’riladi. Bundan tashqari, Yaponiya hamlaga uchrasa ham Amerika ittifoqchi mamlakatni himoya qiladi.

Obamaning ta’kidlashicha, yangi xavfsizlik shartnomalari Pekinni nazorat qilish yoki bu davlatga qarshi qaratilmagan.

Filippin bilan mudofaa bitimi imzolandi